Huawei 1
“Why Nations Fail?”  - “Mamlakatlar tanazzuli sabablari”: Kitob nima haqida?

Kitob nima haqida?

Bu asar jahondagi umumiy iqtisodiy holat haqida yozilgan. Hammualliflarning bu tadqiqodlari o‘zbekistonlik talabalar, iqtisodchi olimlar uchun katta yangilik bo‘ldi. The New York Times gazetasida ham dunyodagi eng yaxshi bestseller deya tan olingan mazkur kitobni o‘qib “Nima uchun ayrim mamlakatlar boy, ayrimlari kambag‘al degan?” savolga javob topasiz. Olimlar buni aniqlash uchun o‘sha davr adabiyotlari, g‘oya nazariyalarini sinovdan o‘tkazishgan. Mamlakatning rivojlanishida geografiya, madaniy illatlar, dengizga yaqin bo‘lish yoki iqlim qanchalik muhim ekanini tadqiq qilishgan. Mualliflarning aytishicha, mamlakatning boyib ketishi va yoki kambag‘al bo‘lishida eng asosiy faktorlardan biri bu - ulardagi mavjud bo‘lgan siyosiy yoki iqtisodiy institutlardir. Ya’ni bu o‘sha jamiyat yashaydigan o‘yin qoidalari.

“Kreativ buzg‘unchilik”

Mualliflar aytmoqchiki, yangi  g‘oyalar eski mavjud bo‘lgan g‘oyalarning o‘rnini bosa olsa va umuman o‘zgarishlarga o‘sha davlat tayyor bo‘lsa bu- mamlakat taraqqiyotining boshlanishi demakdir. Siyosiy yoki iqtisodiy institutlar kiritik burilish nuqtalarida mamlakatning  taqdirini belgilab beradi. Hamma intiladigan boylik bu nafaqat pulda o‘lchanadigan  yoki obstrakt ko‘rinadigan raqamlar haqidagi mulohaza, balki istak-xohishlarimizning o‘lchov birligidir.  Mualliflarning xulosalariga ko‘ra, agar biz, farzandlarimizning yaxshi maktablarda o‘qishini, yaxshi sharoitlarda yashashini  , yaxshi ovqatlanishni, mmlakatda o‘lim darajasi past bo‘lishini, xullas baxtli yashashni istasak albatta YAIM haqida qayg‘urishimiz kerak. Chunki, iqtisodiy ko‘rsatkichlar biz xohlaydigan hayot darajasi bilan chambarchas bog‘liq. Hayot darajasini yaxshilashni istaydigan rivojlangan davlatlar eng avvalo iqtisodiy taraqqiyotni birinchi o‘ringa qo‘yadi. Siyosiy va iqtisodiy institutlar esa mana shu to‘kin hayotning asosiy omili va mexanizmidir.

“Burilish nuqtalari”

“Why Nations Fail?” kitobining o‘zbek tiliga o‘girilishi juda katta o‘zgarishlarga sabab bo‘lishi mumkin. Chunki, “Qo‘shning bilan yaxshi bo‘lsang taraqqiy etasan” degan qarashlar noto‘g‘ri ekanini ham misollar orqali bilib olish mumkin. Mart oyining ikkinchi yarmida O‘zbekistonga kelgan asar mualliflaridan biri Djeyms Robinson sahnada 1 soatdan ortiq nutq so‘zladi. Aslida muallif shu vaqtgacha  MDXning ko‘plab davlatlariga kelib  o‘z tadqiqodlari haqida chiqishlar qilishga ulgurdi. Olimning navbatdagi  safari mamlakatimizga bo‘lgani yaxshi yangilik bo‘ldi. Uchrashuvda shaxsan ishtirok etib ,   jamiyatning turli qatlami vakillari :  iqtisodchi olimlar, siyosiy elita vakillari va hatto talabalar ishtirokini ko‘rib,  mavzuga bizda ham qiziqish yuqori ekani , chetda tamoshabin emasligimizdan to‘g‘risi quvondim. Demak, oddiy qilib aytganda, biz taraqqiyotni istaymiz va buning uchun ayni paytda mavjud bo‘lgan muammolarga befarq emasmiz. Ularni hal qilish uchun taklif etilayotgan  yechimlar bizga qiziq. Lekin qiziqishning o‘zi bilan muammoni hal etib bo‘lmasligini ham bilamiz. Jamiyat, odamlar ham o‘zini-o‘zi taftish qilib, rivojlanishimiz uchun aynan nimalarni o‘zgartirishimiz kerak degan savolni o‘ziga berish vaqti keldi. Va bu haqda ko‘pchilik qayg‘urayapti ham. Mualliflar aytgandek, bu balki “burilish nuqtasi” yoki rivojlanamiz va yoki aksincha...

Shuni aytish kerakki, iqtisodiy rivojlanishda umumiylashtirilgan aniq bir model yo‘qki, mamlakatlar ana shu modelni o‘zida joriy etish orqali taraqqiy etsa. Masalan, asarda ham asosiy g‘oya qilib ko‘rsatilgan iqtisodiy va  siyosiy  institutlar asosiy ishni qiladi, ularning o‘rni juda muhim degani bilan, shu institutlarning faoliyati qanday yo‘lga qo‘yiladi degan savol ochiq qoladi. Yuqorida aytganimizdek, kitobda “Burilish nuqtalari” degan gap bor. Masalan, yevropada o‘latning tarqalishi qanday qilib ularning birlashishiga, inklyuziv institutlarning ochilishiga sabab bo‘lganligi aytiladi. Burilish nuqtalariga ega bo‘lsa, rivojlanish tomonga o‘tib ketishi osonroq bo‘lar ekan. Ya’ni “burilish nuqtalari”dan foydalana olish  hal qiluvchi qadamdir.

Geografik joylashuv

Juda ko‘p sonli insonlar va hatto iqtisodchi olimlar mamlakatning geografik joylashuvi uning taraqqiy etishi va etmasligi katta ahamiyatga ega deyishadi. Asarda esa geografik joylashuv tanazzulga sabab bo‘lmasligini aniq isbotlar orqali ko‘rsatib berishgan. Ajemo‘g‘li ham Robinson ham “portga yaqin bo‘lish juda muhim” degan qarash shunchaki insonlar o‘ylab topgan narsa, ularning bilim va xulosalari xolos deydi. Xo‘sh, nima uchun mamlakat dengizdan uzoq bo‘lsa u rivojlanmaydi deb o‘ylash kerak? To‘g‘ri, mamlakat hududiga tovarlar dengiz orqali kelmasa, u boshqa transport xizmatlaridan fodalanadi. Bu esa biroz qimmat degani, chunki ko‘p mamlakatlar o‘zining tabiiy chegaralari ustiga yana sun’iy chegaralar qo‘yadi. Bulardan biri bojlar va savdoga bo‘lgan cheklovlar. Lekin,  mamlakatning joylashuvi, geografik xarakteristika taraqqiyotga yordam beradi yoki to‘siq bo‘ladi degan mantiq asossiz. Davlat o‘ziga boj, cheklovlar kabi sun’iy to‘siqlarni qo‘yib olib, qoloqlikka geografik joylashuvni sabab qilib ko‘rsatishi o‘ta mantiqsizlikdir deydi mualliflar. Albatta bu qisqa hulosalar bilan 500 betga yaqin asar haqida umumiy xulosa chiqarib bo‘lmaydi.  

Sinish nuqtasi

“Why Nations Fail?” ("Jamiyatlar nega omadsizlikka uchraydi?") kitobining mualliflaridan biri Jeyms Robinson Toshkentga kelishi katta voqeaga aylanib ketdi. Bundan anglash mumkinki, ko‘pchilik faollar “Nega O‘zbekiston yetuk darajada rivojlanib ketmagan?” savolining javobiga qiziqadi, ayni paytda kuchli davlatlar qatorida bo‘lishimizni ham istashadi. Bu, albatta, yaxshilik alomati. Kitob tarixiy faktlar, chuqur tahlillarga asosan yaratilgan. Unda nega ba’zi davlatlar farovonlik va barqarorlikni saqlab qolishi, ayrim mamlakatlar esa xarchand islohotlarga urinsa-da taraqqiy topmasligining ilmiy-iqtisodiy sabablari tahlil qilinadi.Kitobda qator olimlarning bu boradagi nazariyalari ko‘rib chiqilgan.

Mamlakatning rivojlanishi yoki qoloqlashuvi u joylashgan geografik hududga bog‘liq emas. Bu nazariyaning noto‘g‘riligini Nogales shtati misolida ko‘rish mumkin. Shahar devor orqali ikkiga bo‘lingan – bir qismi AQSHning Arizona shtatida, ikkinchi qismi Meksikaning Sonora shtatida joylashgan. Meksika Nogalesida aholining daromadi AQSH Nogalesiga qaraganda uch baravar kam, odamlarning aksariyati maktab ta’limini tamomlamagan, bolalar o‘limi va jinoyatchilik darajasi yuqori, umr davomiyligi qisqa, infratuzilma xarob ahvolda, amaldorlarning salohiyati past, korrupsiyaga moyilligi yuqori. Shaharning AQSHdagi qismida bu holatning ayni teskarisini ko‘rish mumkin. Nogales hudud taraqqiyoti geografik sharoitga bog‘liqligi haqidagi qarashni yo‘qqa chiqaradi.

Bitta shaharning ikki qismidagi bunday sezilarli farqni nima bilan izohlash mumkin? 16-asrda Amerika qit’asini mustamlaka qilish boshlandi. Ispanlar Janubiy Amerika aholisini ayovsiz talashdi, bir talay oltin-kumushga ega bo‘lgandan so‘ng mahalliy aholini ekspluatatsiya qilishga yo‘naltirilgan institutlarni ta’sis etishdi. Hindularning yeri olib qo‘yilgan, mehnatga majburlangan, soliqlar oshirilgan, narxlar ko‘tarilgan, ular yaratgan mahsulotlar tortib olingan. Bu ispan mustamlakachilarini boyitgan bo‘lsa-da, Lotin Amerikasini tengsizlik yuqori, iqtisodiy salohiyati yemirilgan hududga aylantirdi.

Inglizlar mustamlaka qilgan Shimoliy Amerikada esa vaziyat sal boshqacha kechdi. 18-asr avvalidayoq Angliyaning Amerikadagi koloniyalarida yer mulkdorlari rahbarligida assambleyalar tashkil topdi. Bu assambleyalarda ayollar, qullar, yersiz bo‘lgan erkaklar ishtirok eta olmas, mustamlakachilar mahalliy aholiga qaraganda ko‘proq huquqqa ega bo‘lsa-da, aynan shu assambleyalar negizida dunyoning eng qudratli davlatlaridan biri – AQSH paydo bo‘ldi.

2012-yildan beri dunyoning 40 dan ortiq tillarida paydo bo‘lgan kitob, o‘zbek tiliga 2020 yilda tarjima qilindi. Uning yozilishida o‘sha davrdagi ilmiy adabiyotlar, g‘oya, nazariyalarning qanchalik haqiqatga yaqin ekani ham sinovdan o‘tkazilgan. Robinson va Acyemo‘g‘lu mamlakat taraqqiyotiga geografiya, iqlim, genetika, madaniyat, din va yana boshqa omillarning deyarli ahamiyati yo‘q ekanini qat’iy tarzda ta’kidlaydi.

Nigora Hasanova sharhi

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 50507 | Инструменты