O‘zbekistonning yillik suv isteʼmoli 50-52 mlrd kub metr atrofida bo‘lib, uning 20-25 foizini suv omborlarida yig‘ish imkoni mavjud. Bugungikunda mamlakatimizda 74 ta suv ombori mavjud, ularning suv yig‘ish loyihaviy hajmi 18 mlrd kub metrni tashkil etadi.
Suv xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Rustam Qarshiyevning bayonotiga ko‘ra, bugungi kunda suv omborlarida 12,6 mlrd kub metr suv yig‘ilgan. O‘tgan yilning shu davriga solishtirganda, 3 mlrd metr ko‘p suv to‘plangan.
1991 yildan 2021 yilgacha bo‘lgan davrdagi dekabr oyi yog‘in miqdori tahlil qilinganda, 2024 yilning so‘nggi oyida yog‘ingarchilik o‘rtacha ko‘rsatkichning 70 foizidan kam bo‘lgan. Tahlillarga asosan 2025 yilning bahor oylarida yog‘ingarchilik ko‘p yillik o‘rtacha ko‘rsatkichdan kam bo‘lishi kutilmoqda.
Shuni hisobga olgan holda Suv xo‘jaligi vazirligi aholining xavfsizligi va inshootlarning ekspluatatsiya qoidalariga amal qilgan holda omborlarga suv yig‘ish choralari ko‘rilmoqda.
Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand viloyati Oqdaryo suv omboridagi vaziyat haqida xabar tarqaldi. Ushbu suv ombori 130 mln. kub metrgacha suv yig‘ish imkoniga ega bo‘lib, bugungi kunda 105 mln. kub metr suv to‘plangan.
Oqdaryo suv omboriga yana 15-20 mln kub metr suv yig‘ish mumkin. Xavfsizlikni taʼminlash maqsadida suv omboriga suv kirish va chiqish miqdori bir xil (tranzit) holatga keltirilgan.
Bundan ikki hafta oldin Hukumat rahbarining maxsus topshirig‘i bilan Suv xo‘jaligi vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Milliy gvardiya va boshqa tegishli vazirlik va idoralar vakillaridan iborat komissiya tuzilib, respublikamizdagi barcha suv omborlarining texnik va xavfsizlik holatini o‘rganuvchi ishchi guruhlar shakllantirildi. Ular joylarga chiqib, xavfsizlik choralarini belgilab olmoqda, deyiladi Suv xo‘jaligi vazirligi maʼlumotida.
Ishonch bilan aytish mumkinki, hozirda barcha suv omborlarida xavfsizlik choralari ko‘rilib, navbatchilik kuchaytirilgan va zarur moddiy-texnik materiallar zaxirasi yaratilgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 11314 | Инструменты