Huawei 1
Shirin Abdullayeva 19 yoshida vafot etdi

Zulfiya mukofoti sovrindori, xonanda Shirin Abdullayeva vafot etdi. Bu haqda Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi hamda “O‘zbekkonsert” ma’lum qildi.

Abdullayeva 2005-yil 14-dekabrda Namangan viloyati Namangan shahrida tug‘ilgan. Shirin Abdullayeva tadbirkor, tarkibida 20 dan ortiq korxonani birlashtirgan BA Holding ta’sischisi Bahodir Abdullayevning eng kenja — 5-qizi.

2023-yilda u san’at yo‘nalishi bo‘yicha Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlangan. Uning “Lo‘li”, “Metro”, “Bezori” va boshqa qo‘shiqlari YouTube`da millionlab marta ko‘rilgan.

Shirin Abdullayeva, shuningdek, 2021-yilda Rossiyaning NTV kanalidagi mashhur teleko‘rsatuv — “Tы — Super!” ishtirokchisiga aylangan va yarim finalgacha borgan.

Shirin Abdullayeva Pekindagi Sinxua universitetida Ijtimoiy fanlar yo‘nalishida o‘qiyotgandi. 2024-yilda o‘qishini O‘zbekistonga ko‘chirgan. Universitet Abdullayevani “O‘zbekistonning Xitoydagi madaniyat elchisi” deya ta’riflagan.

Shirin Abdullayevaning vafoti haqida yozilgan postlarda uning vafoti sababi so‘ralarkan, mualliflar “Kasal edi” deya javob qaytarishdi.

“Shaolin jang san’atini o‘rgangan. Rus, xitoy, ingliz tillarini mukammal egallagan. Bir qator kinolarda rol ijro qilgan. Kliplari internetda ancha tanilgan. Xitoy universitetida 100 foizli grant bilan o‘qiyotgandi… Beg‘ubor qiz edi. Hamkorlikda qo‘shiqlar yaratgandik”, — deya ta’ziya bildirdi xonanda ijro etgan bir nechta qo‘shiqlarning so‘zlari muallifi, shoir Bobur Bobomurod.

UzReport Axborot Agentligi marhumaning vafoti munosabati bilan oila a’zolari va yaqinlariga chuqur ta’ziya izhor etadi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 21603 | Инструменты