Avvalroq, Xorazm viloyati Gurlan tumani hokimi o‘rinbosari Umidjon Jumagaldiyevning baxtsiz hodisa oqibatida vafot etgani haqida xabar bergan edik. Xorazm viloyati prokuraturasi bu bo‘yicha batafsil ma'lumot berdi.
Aniqlanishicha, kecha, 17-mart kuni soat 01:30 larda Gurlan tumani hokimining o‘rinbosari Umidjon Jumagaldiyev Nexia 3 rusumli xizmat avtomashinasida Urganch tumani tomon harakatlanayotgan paytida bir yo‘nalishda kelayotgan yuk mashinasining orqa o‘ng g‘ildiragiga urilib, boshqaruvni yo‘qotgan va yo‘l chetidagi daraxtga borib urilgan.
U olgan tan jarohatlari oqibatida hodisa joyida vafot etgan. Hozirda ushbu YTH yuzasidan sud-tibbiy, sud-avtotexnika va sud-trasologik ekspertizalari tayinlangan.
Mazkur holat yuzasidan Urganch tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda. Tekshiruv viloyat prokuraturasi tomonidan nazoratga olingan.
Ma’lumot o‘rnida, Umidjon Jumagaldiyev 1990-yilda Gurlan tumani Xazorasp qishlog‘ida tug‘ilgan, Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan. 2021-yilda tuman hokimi o‘rinbosari etib tayinlangan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 41723 | Инструменты