O‘zbekiston Bojxona qo‘mitasi yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasini onlayn to‘ldirib, taqdim etish imkoniyatini joriy qildi. Buning uchun mo‘ljallangan “Yo'lovchi deklaratsiyasi” nomli mobil ilova ishga tushirildi. Ilovani Play Market va App Store'dan yuklab olish mumkin.
Fuqaro ilovaga pasport ma’lumotlarini kiritgach, deklaratsiyaning ayrim bandlari avtomatik to‘ldiriladi. Shundan keyin foydalanuvchi kirib kelayotgan yoki chiqib ketayotgan davlatiga doir hamda olib o‘tayotgan valuta qimmatliklari va boshqa tovarlarga doir ma’lumotlarini kiritadi.
Ilovada SIM-kartali qurilmalarning 15 ta raqamdan iborat IMEI-kodlarini qo‘lda yozmasdan, skanerlash orqali kiritish mumkin.
Ilova hozircha “Toshkent” xalqaro aeroportida sinov tariqasida ishga tushirilgan bo‘lib, 1 noyabridan boshlab barcha chegara o‘tkazish punktlarida to‘liq joriy etiladi.
“Bundan tashqari, qo‘shimcha tarzda chegara bojxona postlariga infokiosklar ham o‘rnatish va ular orqali YBD yuborish bo‘yicha ham ishlar olib borilmoqda
Chegara bojxona postlarida jismoniy shaxslar tomonidan tizimning mobil ilovasidan foydalanish uchun bepul internet (WiFi) hududlar tashkil etiladi”, – deyiladi Bojxona qo‘mitasi xabarida.
Qayd etilishicha, deklaratsiyani onlayn to‘ldirish – qog‘oz shaklda to‘ldirgan vaqtda uchrashi mumkin bo‘lgan kamchiliklar (deklaratsiyaning dasturga kech kiritilishi, xato kiritilishi yoki kiritilmay qolishi, deklaratsiyaga o‘zboshimchalik bilan o‘zgartirish kiritish kabi holatlar)ning oldini oladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 101115 | Инструменты