Huawei 1
Xovos tumani sobiq hokimi qamaldi

Xovos tumani sobiq hokimi Uchqun Kamolov jinoiy jazoga tortilgani, 2023 yil 18 sentabr kuni qamoqqa olingani ma’lum bo‘ldi. 

Sud hukmida keltirilishicha, Uchqun Kamolov Xovos tumani hokimi lavozimida ishlagan davrida davlat va jamiyat manfaatlariga katta miqdorda zarar yetkazilishiga sababchi bo‘lgan.

Sobiq hokim bir vaqtning o‘zida Xovos tuman hokimligi qoshidagi Yer uchastkalari berish masalalarini ko‘rib chiqish bo‘yicha komissiya raisi hisoblangan. U Xovos tuman hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha sobiq o‘rinbosari B.Berdiyorov hamda Xovos tumani Yer resurslari va davlat kadastri bo‘limi sobiq boshlig‘i M.Komilov bilan til biriktirib, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni qonunchilikka zid ravishda tadbirkorlik sub’yektlari egaligiga berib yuborgan. 

Jumladan, Uchqun Kamolov yerlarni noqonuniy berish bo‘yicha 4 ta holatda 144 gektar sug‘oriladigan ekin maydonini baliqchilik, qum-shag‘al qazib olish, bog‘dorchilik yo‘nalishlari bo‘yicha foydalanishga berib yuborgan. Buning oqibatida davlat manfaatlariga 8 mlrd 856 mln so‘m zarar yetkazilishiga sababchi bo‘lgan.

Sud hukmida Uchqun Kamolov o‘z xizmat vazifalarini qasddan bajarmagani ortidan 3 ta holatda ayrim tadbirkorlik sub’yektlariga ajratilgan ekin maydonlarining unumdor qatlami kavlab olinishi oqibatida davlat manfaatlariga 6 mlrd 352 mln so‘m zarar yetkazilishiga ham sababchi bo‘lgani keltirib o‘tilgan.

Xovos tuman hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha sobiq o‘rinbosari B.Berdiyorov hamda Xovos tumani Yer resurslari va davlat kadastri bo‘limi sobiq boshlig‘i M.Komilov JIB Oqoltin tuman sudining 2022 yil 15 noyabrdagi hukmi bilan sudlangan.

Uchqun Kamolov JIB Sardoba tuman sudining 2024 yil 25 martdagi hukmi bilan Jinoyat kodeksining 167-moddasi 2-qismi “g” bandi, 205-moddasi 2-qismi “a” bandi hamda 208-moddasida keltirilgan jinoyatlarni sodir qilishda aybli deb topilgan. Unga 3 yil mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 181 mln 500 ming so‘m jarima jazosi tayinlangan. Sobiq hokim qamoqda saqlangan 6 oy 7 kun jazodan chegirilib, jarima 150 mln 645 ming so‘mga tushirilgan. 

Sirdaryo viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati kassatsiya instansiyasining 2025 yil 9 yanvardagi hukmi bilan birinchi instansiya sudining hukmi bekor qilingan. Yangi hukm bilan Uchqun Kamolovga 3 yil mansabdorlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 99 mln so‘m jarima hamda 3 yil 5 oy 23 kun ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Sirdaryo viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati taftish instansiyasining 2025 yil 30 maydagi ajrimi bilan kassatsiya instansiyasining hukmi o‘zgarishsiz qoldirilgan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 60611 | Инструменты