Xudoyor Mamatov: "Saylovchining xohish-irodasini erkin ifoda etish huquqi qonun bilan kafolatlangan"
Umume'tirof etilgan xalqaro saylov standartlarida fuqarolarning saylov huquqlari asosan ikki qismga, faol saylov huquqi va passiv saylov huquqiga bo'linadi.
Faol saylov huquqi – fuqarolarning davlat rahbari va hokimiyatning vakillik organlari saylovida saylovchi sifatida ishtirok etish, ya'ni ovoz berish huquqidir. Passiv saylov huquqi – fuqaroning davlat organlariga (davlat rahbari lavozimiga) saylanish huquqidir. Faol saylov huquqidan farqli o'laroq, passiv saylov huquqi fuqarolarga qo'yiladigan nisbatan yuqori yosh talabi, muayyan mulkka ega bo'lish talabi, mamlakat hududida muayyan muddat o'troq yashagan bo'lishi kabi talablar bilan chegaralanishi mumkin.
Yuqoridagi ta'rifdan ko'rinib turibdiki, faol saylov huquqiga ega bo'lgan fuqaro saylovchi hisoblanadi. Saylovchi – saylov jarayonining asosiy ishtirokchisi, chunki u O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 7-moddasiga muvofiq O'zbekiston Respublikasining boshqa fuqarolari bilan birgalikda O'zbekiston xalqini tashkil etadi hamda hokimiyatning birdan-bir manbai hisoblanadi. Ovoz berishda ishtirok etish orqali davlat hokimiyati va mahalliy vakillik organlarini, saylangan mansabdor shaxslarni tegishli hokimiyat vakolati bilan ta'minlaydi.
Biz saylovchi deganda, eng avvalo saylov kampaniyasi davrida ovoz berish jarayonida ishtirok etuvchi, ya'ni byulletenga yashirin ravishda ovoz beruvchi shaxsni tasavvur qilamiz. Go'yoki saylovchi faqat ovoz berish huquqiga ega degan tasavvur mavjud. O'zbekiston Respublikasining Saylov kodeksi va boshqa normativ hujjatlarida saylovchining aynan saylov huquqi bilan bog'liq huquqlari doirasi ancha keng belgilangan. Ularning asosiylari quyidagilardan iborat:
-saylov jarayonida ovoz berish, axborot olish va uni tarqatish huquqi;
-nomzod ko'rsatishni qo'llab-quvvatlash uchun imzo to'plash yoki imzo varaqasiga imzo qo'yish orqali nomzodni qo'llab-quvvatlash huquqi;
-moliyaviy xarajat talab qilmaydigan usullar bilan saylovoldi tashviqotini olib borish huquqi;
-saylov jarayonining boshqa ishtirokchisi (kuzatuvchi, vakolatli vakil, ishonchli vakil, komissiya a'zosi va h.z.) maqomiga ega bo'lish huquqi;
-saylov uchastkasida, saylovchilarning yagona elektron ro'yxatida shakllantirilgan o'ziga oid ma'lumotlar bilan tanishish huquqi;
-saylov komissiyalarini shakllantirishda ishtirok etish huquqi;
-o'zining saylov huquqlarini himoya qilish huquqi, o'ziga tegishli saylov huquqlarini kamsituvchi qarorlar yoki harakatlar, shu jumladan ovoz berish natijalari ustidan shikoyat qilish huquqi.
O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 117-moddasiga asosan sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan, shuningdek og'ir va o'ta og'ir jinoyatlar sodir etganligi uchun sudning hukmi bilan ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslar saylovda ishtirok etmaydi. Boshqa har qanday hollarda fuqarolarning saylov huquqlarini to'g'ridan-to'g'ri yoki bilvosita cheklashga yo'l qo'yilmaydi.
Xalqaro saylov standartlariga muvofiq, saylovda ovoz berish yashirin hisoblanadi hamda fuqaroning xihish-irodasini erkin ifoda etishi ustidan har qanday nazorat qilish imkoniyati cheklanishini talab qiladi.
O'zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 7-moddasida ushbu xalqaro demokratik norma to'liq o'z aksini topgan. Unga ko'ra – saylovda erkin va yashirin ovoz beriladi. Saylovchilarning xohish-irodasini nazorat qilishga yo'l qo'yilmaydi. Yashirin ovoz berish saylovchining xohish-irodasi ustidan har qanday tarzda nazorat qilish imkoniyatini istisno etadigan tegishli sharoitlarni yaratish orqali ta'minlanadi.
Saylov va axborot sohasini tartibga soluvchi milliy qonunlarga muvofiq har bir fuqaro saylov jarayoni to'g'risida axborot olish va tarqatish huquqiga ega. Sylov komissiyalari, davlat hokimiyat organlari, mahalliy o'zini o'zi boshqarish organlari, ommaviy axborot vositalari fuqarolarga saylov jarayonlari to'g'risida xolis va haqqoniy axborot berib boradi.
Saylov kampaniyasi davrida fuqarolarga taqdim etiladigan axborot- ma'lumotlarning hajmi va mazmuni ularning saylov huquqlaridan samarali foydalanish va saylovda o'z xohish-irodasini erkin ifoda etish imkoniyatini ta'minlashi kerak. Nega deganda, saylovlarning haqqoniyligi, qonuniyligi, ob'ektivligi, legitimligi saylovchilarga saylov jarayoni haqida haqqoniy va xolis, to'liq va tezkor, beg'araz axborot taqdim etilishiga bevosita bog'liq.
Saylovchilar shuningdek, Saylov jarayonini boshqarish tizimida Saylovchilarning yagona elektron ro'yxatidan, saylov uchastkalarida shakllantirilgan saylovchilar ro'yxatidan o'ziga oid ma'lumotlar bilan tanishish huquqiga ega.
Saylovchilar o'zlarining yashash, ishlash yoki o'qish joylarida yig'ilishlar tashkil etish va unda ishtirok qilish orqali o'z nomzodlarini yoki boshqa saylovchilarning nomzodlarini tegishlicha okrug yoki uchastka saylov komissiyalari a'zoligiga kiritish uchun taklif berish huquqiga ega.
Davlat saylovchilarning saylov huquqlarini himoya qilinishi va amalga oshirilishini kafolatlaydi. Davlat organlari bilan bir qatorda saylov komissiyalari ham saylovchilarning huquqlarini himoya qilish va ta'minlashda ko'maklashadi. Saylovchilarga o'zlarining buzilgan huquqlari ustidan shikoyat qilish huquqining berilganligi, ular huquqlari himoya qilinishining muhim kafolati hisoblanadi. Amaldagi qonunlarga asosan saylovchilar o'zlarining saylov huquqlari buzilgan taqdirda, shu jumladan saylov komissiyalarining qarorlari ustidan sudga shikoyat qilish huquqiga ega.
Saylovchilarga nisbatan milliy saylov qonunchiligimizda o'rnatilgan yagona majburiyat bu – saylov qonunchiligiga amal qilish majburiyatidir. Yuqorida ifoda etilganidek, saylovchining saylovda, ovoz berishda ishtirok etishi bu majburiyat emas, balki huquq sanaladi. Biroq, bu huquqdan samarali foydalanish, o'z taqdirini davlat, jamiyat, xalq taqdiri bilan bog'liq holda ko'rish, mamlakatda amalga oshirilayotgan insonparvar, adolatli islohotlarning faol ishtirokchisi bo'lish har bir fuqaroning insoniylik burchidir.
Xudoyor MAMATOV,
Markaziy saylov komissiyasi
kotibi, yuridik fanlari doktori, professor.
Alpha version: 0.9.1.19 build 112206 | Инструменты