Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Tibbiyot tashkilotlarini litsenziyalash va akkreditatsiyalash markazi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan joriy etilayotgan yangiliklardan biri “Tibbiy xizmatlar sifatini boshqarish” axborot tizimining yaratilishidir.
Uni ishlab chiqish vazifasi Tibbiyot tashkilotlarini litsenziyalash va akkreditatsiyalash markaziga yuklatildi.
Ushbu axborot tizimidan litsenziatlar tomonidan litsenziya talablari va shartlari, shu jumladan, ular tomonidan ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatiga qo‘yiladigan talablarning bajarilishi to‘g‘risidagi axborotlar joy oladi.
Bu axborotlar monitoring olib borish davomida va tekshirishlar natijalari bo‘yicha umumlashtiriladi hamda tahlil qilinadi.
Xususiy sektorga oid maʼlumotlarni saqlovchi mazkur axborot tizimi orqali litsenziyalashda inson omilining taʼsiri kamaytiriladi, jarayonning shaffofligini taʼminlashga erishiladi.
Litsenziyada xususiy tibbiyot muassasasining qanday tibbiy ixtisoslik va tibbiy xizmatlar turlari bo‘yicha qaysi usullardagi muolajalarni bajarishi, shuningdek, tibbiy yordam ko‘rsatish shakllari (ambulator, statsionar) aniq ko‘rsatiladi.
Shuningdek, tasdiqlangan eng kam talablarga muvofiq tibbiy faoliyatni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan uskunalar va boshqa texnika vositalari, shu jumladan, tibbiy texnikaning mavjudligi haqidagi maʼlumot ham bo‘lishi kerak.
Unda tibbiy texnika, uskunalar va boshqa texnika vositalarining nomi, soni, har birining seriyasi va raqami, ishlab chiqaruvchisi hamda ishlab chiqarish sanasi, ushbu vositalarning ishlatilishi uchun davlat organlaridan maxsus ruxsat olish ko‘zda tutilgan bo‘lsa, tegishli tasdiqlovchi hujjat raqami, sanasi va hujjat bergan tashkilot nomi ko‘rsatilishi kerak.
Qaysi xususiy klinikada qanday tibbiy uskunalar borligi, ularning qancha vaqtdan beri ishlatib kelinayotgani, davriy o‘tkaziladigan metrologik xulosalar haqida maʼlumotlarning to‘planishi muhim.
Qolaversa, Elektron axborot tizimi o‘zida nodavlat tibbiyot tashkilotlari faoliyati yuzasidan tibbiy hisobotlarni saqlaydi.
Bu maʼlumotlarning barchasi axborot tizimiga kiritilib, respublika miqyosida kasallanish va davolanish ko‘rsatkichlari, xastaliklarni diagnostika qilish hamda oldini olish bo‘yicha umumiy tasavvurni hosil qilish imkonini beradi va kelgusida davlat muassasalari hamda xususiy sektordagi vaziyatlar haqidagi yaxlit axborotni to‘plab, haqqoniy statistikani shakllantirishga hissa qo‘shiladi.
Asosiysi, bu axborotlardan foydalangan holda tibbiy xizmatlar turlariga bo‘lgan real ehtiyojni aniqlash imkoni tug‘ilib, uni qondirish bo‘yicha reja va tavsiyalar ishlab chiqiladi.
Bundan tashqari, Tibbiy faoliyatni litsenziyalash pasportiga litsenziya berishda kelishiladigan organlar etib Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining hamda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasining hududiy boshqarmalari belgilanmoqda.
Alpha version: 0.9.1.19 build 103011 | Инструменты