Hukumat qarori (29-son, 27.01.2026 y.) bilan “Yangi zamonaviy suzish havzalarini (basseyn) qurish va ishga tushirish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatish”ning maʼmuriy reglamenti tasdiqlandi.
Ushbu reglamentga muvofiq, talabgorlar tomonidan taqdim etilgan dastlabki 100 ta suzish havzasini qurish va ishga tushirish bilan bog‘liq xarajatlar qoplab beriladi.
Bunda mablag‘lar 2026 yil 1 fevraldan 2028 yil 1 yanvargacha suzish havzalarini tashkil etish xarajatlarining 50 foizigacha, lekin 100 mln so‘mdan oshmagan qismi uchun ajratiladi.
Talabgor quyidagi talablarga javob berishi lozim:
- soliq va yig‘imlar bo‘yicha qarzdorligi bo‘lmasligi;
- qayta tashkil etish yoki tugatish jarayonida bo‘lmasligi;
- faoliyati qonunchilikda belgilangan tartibda vaqtincha to‘xtatilgan bo‘lmasligi;
- sud qarori asosida to‘lovga qobiliyatsiz deb eʼlon qilingan bo‘lmasligi.
Talabgor xarajatlarni qoplash uchun Davlat xizmatlari markaziga yoki YAIDXP orqali Turizm qo‘mitasiga ariza bilan murojaat qiladi.
Arizaga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:
- suzish havzasining loyiha hujjatlari nusxasi;
- suzish havzasini qurish va ishga tushirish uchun tuzilgan pudrat shartnomasi nusxasi;
- shartnomaga asosan to‘lov amalga oshirilganini tasdiqlovchi elektron hujjat nusxalari.
Qo‘mita xarajatlarni qoplash to‘g‘risida qaror qabul qilgan kundan boshlab 10 ish kuni mobaynida mablag‘lar talabgorning hisobvarag‘iga o‘tkazib beriladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 12820 | Инструменты