Yaponiyalik taniqli qo‘shiqchi va sozanda Mashu Komazaki “O‘zbek madaniyati elchisi” etib tayinlandi. Bu haqda O‘zbekiston Madaniyat vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasida madaniy aloqalarni yanada kengaytirish, xususan milliy musiqa va kuylarni kunchiqar mamlakatda keng targ‘ib qilish orqali mamlakat ixlosmandlarini oshirish maqsadida ushbu tadbir o‘tkazilgan. Tadbirda O‘zbekistonning Yaponiyadagi elchisi Muhsinxo‘ja Abdurahmonov tomonidan Mashu Komazaki xonimga “O‘zbek madaniyati elchisi” ko‘krak nishoni va sertifikati tantanali ravishda topshirilgan.
Jumladan, elchi “O‘zbek madaniyati elchisi” degan maqom birinchi bo‘lib Yaponiya fuqarosiga berilgani, albatta, O‘zbekiston Yaponiya bilan madaniy aloqalarni rivojlantirishga katta e’tibor qaratilayotganligini ifoda etishi, ushbu yuksak maqom Mashu Komazakiga Yaponiyada O‘zbekistonning madaniyati va san’atini bundan-da keng ravishda targ‘ib qilishida keng imkoniyatlar yaratib berishini alohida ta’kidlab o‘tdi.
“Shu kungacha Yaponiyada tashkil qilinayotgan madaniy tadbirlarda o‘zbek milliy kuy va musiqalarini ijro etganimdan so‘ng, ko‘plab yapon tomoshabinlari “Mashu honim, ochig‘ini aytsak, ijroingiz orqali Buyuk ipak yo‘lidagi sirli mamlakat haqida ongimizda yorqin tasavvur hosil bo‘ldi, biz siz bilan O‘zbekistonga tashrif buyurishni xohlar edik” degan munosabatlarni olganimda musiqa va kuylar inson qalbiga naqadar ta’sir o‘tkazishidan hayratlanaman. Bu meni yanada ijod qilishimga va Yaponiyada yurtingiz ixlosmandlarini oshirishga ilhomlantiradi”, deydi yaponiyalik san’atkor.
Shuningdek, tadbir davomida elchixona bilan hamkorlikda Yaponiyada O‘zbekistonning madaniy salohiyatini keng targ‘ib qilib borish, qo‘shma loyihalarini amalga oshirish, OAVda O‘zbekiston haqida ko‘rsatuvlar tayyorlash va maqolalar chop qilish bo‘yicha kelishib olindi.
Ma’lumot uchun, Mashu Komazaki 1988 yil 16 oktyabrda Tokio shahrida tug‘ilgan. 2010 yilda Tokio musiqa universiteti fortepiano fakultetini tamomlagan. 2015-2017 yillarda Yaponiyaning xorijdagi hamkorlik ko‘ngillilari (JOCV) dasturi bo‘yicha O‘zbekistonning Buxoro shahridagi o‘rta umumta’lim maktabida ko‘ngilli ravishda musiqa o‘qituvchisi sifatida faoliyat yuritgan. O‘zbekistondagi faoliyati davomida milliy musiqadan tahsil olib, o‘zbek dutorini chalishni o‘rgangan. 2018 yilda O‘zbekistonda bo‘lib o‘tgan Birinchi Xalqaro maqom san’ati anjumanida o‘zbek dutorida “Sunbula” kuyini ijro etib, faxrli uchinchi o‘rinni egallagan. 2022 yil 23 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vazirining Faxriy yorlig‘i bilan taqdirlangan. 2024 yilda O‘zbekistonda bo‘lib o‘tgan “Sharq taronalari” xalqaro musiqa va “Boysun bahori” xalqaro folklor festivallarida faxrli uchinchi o‘rinni egallagan. 2024 yil 24 noyabr kuni Tokio shahridagi “Takinogava” tadbirlar zalida “Buyuk ipak yo‘li” musiqalari bo‘yicha konsert dasturini tashkil qilib, unda O‘zbekiston musiqasi va kuylarini yapon hamjamiyatiga taqdim qilgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 13100 | Инструменты