Huawei 1
Yashillik darajasini oshirish bo‘yicha islohotlarni ko‘p hokimlar tushunib yetmayotgani ko‘rsatib o‘tildi

Prezident raisligida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida amalga oshirilgan ishlar natijadorligi va kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi boshlandi.

Mamlakatimizda har yili 200 million daraxt va buta ekib, yashillikni 2030 yilgacha 30 foizga yetkazish bo‘yicha marra olingan. 2020 yilda yashillik darajasi 8 foiz bo‘lgan bo‘lsa, hozir 12 foiz. Orolbo‘yida yashil qoplama 2 million gektardan oshdi.

Joriy yil bahorida 138 million dona ko‘chat ekilgani, yil boshidan 10 ming gektardan ziyod “yashil belbog‘”, 257 ta “vazirlik” va “hokimlik” bog‘lari barpo qilingani taʼkidlandi.

Shu yildan boshlab yo‘l, daryo va kanallarga tutash 2 ming gektar yer 10 ming aholi va tadbirkorlarga ekish uchun ijaraga berildi. “Mening bog‘im” loyihasi doirasida byudjetdan 49 milliard so‘m berilib, mahallalarda 215 ta yangi bog‘ yaratilmoqda.

O‘zbekistonning bu boradagi ishlarini Tabiatni muhofaza qilish xalqaro ittifoqi, Cho‘llanishga qarshi kurashish konvensiyasi ijroiya organi ham alohida eʼtirof etdi.

Shu bilan birga yashillik darajasini oshirish bo‘yicha islohotlarni ko‘p hokimlar tushunib yetmayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

Bahor mavsumida 28 ta tuman daraxt ekishda rejani bajarmagani tanqid qilindi. Iqlim sharoitini hisobga olmasdan, suv yo‘q joylarga daraxt ekilgani uchun minglab tup daraxt ko‘karmagan.

Masalan, sug‘orish tizimi yo‘q joyga Toshkent shahrida 322 ming, Samarqandda 96 ming, Toshkent viloyatida 67 ming, Qoraqalpog‘istonda 61 ming, Buxoroda 24 ming, Navoiyda 15 ming ko‘chat ekilgan.

Hisobotga qo‘shib yozish eng ko‘p Buxoro, Toshkent, Andijon, Surxondaryo, Samarqand viloyatlarida va Toshkent shahrida qayd etilgan.

Shu munosabat bilan Bosh prokuraturaga sohadagi nazoratni kuchaytirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Har bir hokim, vazir, tashkilotga qayerga, qancha ko‘chat ekish egasi, joyi, suvi va mablag‘i bilan aniq belgilab berish topshirildi, mutasaddilar buning ijrosi bo‘yicha qatʼiy so‘rov bo‘lishi haqida ogohlantirildi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 102220 | Инструменты