Prezident raisligida mahallalarda kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha qilingan ishlar sarhisobi va 2025 yil uchun ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilmoqda.
Yig‘ilishda 85 ming gektar yerda kam daromadli ekin ekilgani uchun samarasi pastligicha qolayotgani qayd etildi.
Bunday yerlar yirik konturga birlashtirilib, tajribali tadbirkorlarga ikkilamchi ijaraga berilsa, daromad 2-3 karra oshadi.
Shu munosabat bilan yer egasiga ijara haqi va ekilgan mahsulotni sotishdan ulush to‘lanadi.
Har bir konturga urug‘, ko‘chat, o‘g‘it tarqatib, yetishtirilgan mahsulotni sotib oladigan tadbirkorlarni yer egalari bilan bog‘laydigan tizim yaratish topshirildi.
Banklar tumanlar ixtisoslashuvidan kelib chiqib, xorijdan malakali agronom, zootexnik, texnolog, muhandis olib kelishga va loyihalar samarasini oshirishga yordamlashishi muhimligi taʼkidlandi.
Banklar ishtirokida 13 ta tumanda sanoatlashgan plantatsiya tashkil qilish boshlandi. Bu yerlarda “yetishtirish – qayta ishlash – sotish” zanjiri asosida yuqori qo‘shilgan qiymat yaratilmoqda.
Masalan, Jomboyda 15 gektarda malina yetishtiriladi. Tadbirkor 170 ta xonadonga ko‘chat tarqatib, yiliga 200 tonna mahsulot oladi.
Endi tadbirkor Milliy bank ko‘magida 200 tonnali muzlatkich o‘rnatib, yiliga 25 tonna tayyor murabbo ishlab chiqarmoqchi. Natijada aholi va tadbirkor daromadi 2 karra oshadi.
Ushbu tajriba asosida kelgusi yilda yana 50 ta tumanda shunday loyiha tashkil etish muhimligi taʼkidlandi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 121620 | Инструменты