Yunusobodda ommaviy janjal uyushtirgan fuqarolarga hukm o‘qildi

Yunusobod tumani Bog‘ishamol ko‘chasida janjal uyushtirgan bir necha fuqarolarga hukm o'qildi. Bu haqda Toshkent shahar IIBB matbuot xizmati xabar berdi.

Ma'lum qilinishicha, voqea 2021-yilning 31 oktyabr kuni taxminan soat 22.00 larda yuz bergan. Ushbu janjalning videotasviri ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib, ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lgandi. Holat yuzasidan Yunusobod tumani IIO FMB tergov bo‘limi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov olib borilgan. 

Tergov yakuni bo‘yicha to‘plangan hujjatlar o‘rnatilgan tartibda ko‘rib chiqishlik uchun jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tumani sudiga yuborilgan. 

E'lon qilingan sud hukmiga ko'ra:

1982 yilda tug‘ilgan Jaxongir Jinoyat kodeksining 112-moddasi (o'ldirish yoki zo'rlik ishlatish bilan qo'rqitish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga ish haqining 20 foizi miqdorini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 1 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi. Jinoyat kodeksining 62-moddasi (ushlab turish, qamoqqa olish yoki uy qamog'i vaqtini hisobga olish qoidalari) ga asosan Jaxongirni 2021 yil 6 noyabrdan 2022 yil 27 iyunga qadar qamoqda saqlanganini e'tiborga olib, tayinlangan axloq tuzatish ishlari jazosini to'liq o'tagan deb hisoblanishi belgilanib, unga nisbatan qo'llanilgan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi bekor qilindi va u sud zalida qamoqdan ozod qilindi. Hukm qonuniy kuchga kirgunga qadar Jaxongirga nisbatan “munosib xulq-atvorda bo'lish haqidagi tilxat” tarzidagi ehtiyot chorasi qo'llanildi.

1991 yilda tug‘ilgan Mirtolipga nisbatan Jinoyat kodeksining 248-moddasi (o'qotar qurolning, o'q-dorilarning, o'qotar qurol asosiy qismlarining, portlovchi moddalarning, portlatish vositalarining yoki portlatish qurilmalarining qonunga xilof muomalasi) 1-qismi bilan yuritilgan jinoyat ishi Jinoyat-protsessual kodeksining 84-moddasi (ayblilik to'g'risidagi masalani hal qilmay turib jinoyat ishini tugatish uchun asoslar) 5-qismi 2-bandiga asosan aybliligi to'g'risidagi masalani hal qilmay turib harakatdan tugatildi. Mirtolip Jinoyat kodeksining 112-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga ish haqining 20 foizi miqdorini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 1 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi. Jinoyat kodeksining 60 (bir necha hukm yuzasidan jazo tayinlash) va 61 (jazolarni qo'shishning hisoblash qoidalari) moddalari tartibida tayinlangan jazoga jinoyat ishlari bo'yicha Mirzo Ulug'bek tuman sudining 2020 yil 5 iyundagi hukmiga ko'ra tayinlangan jazoni o'talmay qolgan qismini qisman qo'shish yo'li bilan Mirtolipga uzil-kesil o'tash uchun 1,5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi. Jinoyat kodeksining 62-moddasiga asosan Mirtolipni 2021 yil 6 noyabrdan 2022 yil 27 iyunga qadar 7 oy 21 kun qamoqda saqlanganini e'tiborga olib, tayinlangan ozodlikni cheklash jazosidan chegirib tashlansin hamda uzil-kesil 10 oy 9 kun muddatga ozodlikni cheklash jazosi qoldirildi. Mirtolipga nisbatan qo'llanilgan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi bekor qilinib, u sud zalida qamoqdan ozod qilindi. Hukm qonuniy kuchga kirgunga qadar Mirtolipga nisbatan “munosib xulq-atvorda bo'lish haqidagi tilxat” tarzidagi ehtiyot chorasi qo'llanildi.

1993 yilda tug‘ilgan Sultonmurod Jinoyat kodeksining 112-moddasi 1-qismi, 131-moddasi (qo'shmachilik qilish yoki fohishaxona saqlash) 3-qismi va 229-moddasi (o'zboshimchalik) da nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga Jinoyat kodeksining 59 (bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlash) va 61-moddalari tartibida tayinlangan jazolarni qisman qo'shish yo'li bilan uzil-kesil 3,5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Jazoni qattiq tartibli koloniyalarda o'tash belgilandi.

1992 yilda tug‘ilgan Botirxo’ja Jinoyat kodeksining 131-moddasi 3-qismi va 229-moddasida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga Jinoyat kodeksining 59 va 61-moddalari tartibida tayinlangan jazolarni qisman qo'shish yo'li bilan uzil-kesil 3 yil 3 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Jazoni manzil-koloniyalarda o'tash belgilandi. Botirxo’jaga nisbatan qo'llanilgan “garov” tarzidagi ehtiyot chorasi “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasiga o'zgartirilib, sud zalida qamoqqa olindi.

1996 yilda tug‘ilgan Siyovush Jinoyat kodeksining 112-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga ish haqining 20 foizi miqdorini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 1 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi. Jinoyat kodeksining 60 va 61-moddalari tartibida tayinlangan jazoga jinoyat ishlari bo'yicha Kattaqo'rg'on shahar sudining 2021 yil 25 yanvardagi hukmi bilan tayinlangan jazoni o'talmay qolgan qismini qisman qo'shish yo'li bilan Siyovushga uzil-kesil bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari, ya'ni 11 150 000 so'm jarima va 2 yil 7 oy muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi. Tayinlangan jarima Siyovush tomonidan 2021 yil 2 fevral kuni to'liq to'langanligi inobatga olindi. Jinoyat kodeksining 62-moddasiga asosan Siyovushni 2022 yil 4 apreldan 2022 yil 8 aprelga qadar 4 kun qamoqda saqlanganini e'tiborga olinib, tayinlangan ozodlikni cheklash jazosidan chegirib tashlandi hamda uzil-kesil 2 yil 6 oy 26 kun muddatga ozodlikni cheklash jazosi qoldirildi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 51702 | Инструменты