Shu kunlarda Xitoyning Suchjou shahrida o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan qizlar jamoalari o‘rtasida X jahon chempionati bahslari o‘tkazilmoqda.
16 ta jamoa asosiy bosqichning to‘rt guruhida chempionlik uchun kurash olib borayotgan X-jahon chempionatining shiddatli bellashuvlarini boshqarishda ishtirok etayotgan 22 ta davlatning 44 nafar hakami orasida o‘zbekistonlik mutaxassislarning borligi eʼtiborlidir.
Bugungacha o‘zbekistonlik xalqaro toifadagi hakamlar Hasan va Husan Ismoilov jahon chempionatining guruh bosqichidagi ikki uchrashuvni boshqardi. Hamyurtlarimiz avvaliga Niderlandiya – Janubiy Koreya (24:19), keyin esa Misr – Ruminiya (29:36) qarama-qarshiligidagi o‘yinlarda faoliyat ko‘rsatdi.
Mazkur jahon chempionatida o‘ziga xos rekordlar ham qayd etilayotganini taʼkidlamoq lozim.
2024 yilgi jahon chempionatida bir o‘yinga muxlislarning tashrifi bo‘yicha rekord yangilandi. Jumladan, Daniya – Xitoy terma jamoalari uchrashuvini tomosha qilish uchun 5 ming 50 nafar ishqiboz stadionga kelgani qayd etildi. Muxlislar tashrifi bo‘yicha oldingi rekord 2018 yili Polshada o‘tkazilgan jahon chempionatida o‘rnatilgan bo‘lib, o‘shanda Polsha – Angola bahsini 3 ming tomoshabin stadionda turib qo‘llab-quvvatlagandi.
Aytish lozim, gandbol bo‘yicha U18 jahon chempionatiga 2006 yili asos solingan bo‘lib, o‘tgan yillar davomida Kanada (2006), Sloveniya (2008), Dominikan Respublikasi (2010), Chernogoriya (2012), Shimoliy Makedoniya (2014, 2022), Slovakiya (2016) va Polsha (2018) davlatlari mezbonlik qilgan. 2020 yilgi jahon chempionati COVID-19 tufayli o‘tkazilmagandi.
Chempionat 25 avgustga qadar davom etadi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 122219 | Инструменты