Avstraliyada o‘tkazilgan professional boks oqshomida Hasanboy Do‘smatov majburiy da’vogar hisoblanuvchi Butunjahon boks assotsiatsiyasi (WBA) yo‘nalishidagi chempion kamarini himoya qildi.
Minimal vazn toifasida WBA yo‘nalishi chempioni, tailandlik 33 yoshli Tammanun Niyomtrong avstraliyalik Aleks Vindudga qarshi ringga ko‘tarildi. 27 yoshli Vindud profboksda o‘zining beshinchi jangidayoq jahon chempioniga aylanishi mumkin edi, ammo to‘liq davom etgan jangda Niyomtrong 114-112, 114-112, 113-113 hisobida g‘alaba qozondi.
E’tiborlisi, bu Tammanun uchun 12-muvaffaqiyatli kamar himoyasiga aylandi. U WBA kamarini 2016 yilda qo‘lga kiritganidan buyon himoya qilib kelmoqda.
WBA tashkiloti bahorda chempion Tammanun Niyomtrong hamda majburiy da’vogar Hasanboy Do‘smatov jangiga rasman buyruq bergan edi, biroq Do‘smatov tomoni tashkilotdan Parij Olimpiadasidan so‘ng jang qilishi uchun so‘rov yuborgan va ijobiy javob olgan.
Tez orada Do‘smatov va Niyomtrong jangi bo‘yicha rasmiy xabarlar chiqishi kutilmoqda.
Alpha version: 0.9.1.19 build 122219 | Инструменты