Chexiyaning “Oktagon MMA” promousheni yarim og‘ir vazn toifasi chempioni Uill Flyuri o‘zbekistonlik jangchi Mahmud Murodovni jangga chorladi. Bu haqda u oxirgi jangidan keyingi intervyusida ma’lum qildi.
2024 yil 29 dekabr kuni “Oktagon 65” turniri bo‘lib o‘tdi. Kechaning “co main event”ida yarim og‘ir vazn toifasi chempionligi uchun Uill Flyuri va Kris Vemola oktagonga chiqdi va to‘qnashuvda Flyuri ochkolar hisobiga ko‘ra g‘alaba qozonib, toifa chempioniga aylandi.
Jangdan keyin Flyuri Vemola burchagida ishlagan Mahmud Murodovni oktagonga jangga chorladi.
“Vemolaning burchagida Mahmud Murodovni ko‘ryapman. U yuqorida ligada chempion bo‘lishni xohlar ekan, biz u bilan jang qilishimiz mumkin. Albatta, vazn me’yorini bajargan holda. 90 kilogrammga chiqa olasanmi? Agar buni uddalay olsang, men har doim tayyorman”, dedi Flyuri.
O‘z navbatida, o‘zbekistonlik jangchi o‘sha paytning o‘zidayoq irlandiyalik Flyuriga javob qaytardi.
“90 kilogramm muammo emas. Men shu yerdaman, 185 poundda doim tayyorman. Hozir ham tayyorman, ko‘p gapirma. Qolganini oktagonda hal qilamiz. Kelishdik, omad”, deydi Murodov.
Ma’lumot o‘rnida, o‘zbekistonlik jangchi 2019 yildan 2023 yilgacha UFC promoushenda faoliyat olib borgan. U professional karerasi davomida 36 ta jang o‘tkazib, 27 ta g‘alaba va 8 mag‘lubiyat qayd etgan. 1 jangi natijasi bekor qilingan. Murodov 2024 yil boshida mazkur “Oktagon MMA” promousheni bilan shartnoma imzoladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 10802 | Инструменты