Serbiyada shaxmat bo‘yicha maktab o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan jahon chempionati o‘z yakuniga yetdi. Quvonarlisi, chempionatning umumiy natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston terma jamoasi 3 ta oltin, 2 tadan kumush va bronza medalini qo‘lga kiritdi.
“FIDE World School Chess Championships – 2025” maktab o‘quvchilari o‘rtasidagi jahon chempionatida 13 yoshgacha qizlar o‘rtasida Sarvinoz Begmuratova oltin medalga sazovor bo‘ldi. U 9 turda 7,5 ochko to‘plab, birorta ham bahsda mag‘lub bo‘lmadi. 
Shuningdek, Sarvinoz ushbu muvaffaqiyati natijasida “FIDE Women FIDE Master” (WFM) unvonini oldi. Mazkur yoshdagi o‘g‘il bolalar orasida Biloliddin Obidov kumush medal sohibiga aylandi.

15 yoshgacha qizlar o‘rtasida Nilufar Imomqo‘ziyeva Serbiya, Ruminiya, Hindiston, Kuba va Gruziyadan kelgan kuchli shaxmatchilarni mag‘lubiyatga uchratib, terma jamoamiz hisobiga ikkinchi oltin medalni keltirdi.
9 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il bolalar o‘rtasida Nurmuhammad Ne’matullaxonov chempionga aylandi.

Ushbu yosh toifasidagi qizlar bahsida Madinabonu Asadova uchinchi o‘rindan joy oldi. 7 yoshgacha qizlar o‘rtasida Mohinur A’zamxo‘jayeva kumush medal bilan taqdirlangan bo‘lsa, 17 yosh toifasida Xondamir Elmirzayev shohsupaning uchinchi pog‘onasida qayd etildi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 30922 | Инструменты