Ukraina Rossiya bilan kelishuvga erishish uchun uchta imkoniyatni boy berdi. Bu haqda Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov ma’lum qildi.
“Kiyev 2014-yilda Qrim bilan birga o‘zining birinchi imkoniyatini qo‘ldan boy berdi. Keyin 2015-yil fevralida Donbassdagi vaziyatni tartibga soluvchi Minsk kelishuvlari imzolandi”, deydi Lavrov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, uchinchi imkoniyat 2022-yil aprel oyidagi Istanbul kelishuvlari bo‘lgan.
Lavrov, shuningdek, Kiyev kelishuvlarni qanchalik uzoq buzsa, uning hududi shunchalik kamayishini ta’kidlagan.
Rossiyalik siyosatchiga ko‘ra, Ukrainadagi tinchlik Ukraina va G‘arbning rejalariga kiritilmagan.
“Ayni damda tinchlik raqiblarimizning rejalariga kiritilmagan. Ukrainaning joriy yilning iyun oyida prezident Vladimir Putin tomonidan ilgari surilgan tinchlik tashabbusiga javobi Ukraina armiyasining Kursk viloyatiga bostirib kirishi va boshqa chegaradosh viloyatlardagi nishonlarga havo hujumlari bo‘ldi. Vashington va uning ittifoqchilari Kiyevni har tomonlama qo‘llab-quvvatlamoqda va G‘arbning uzoq masofali raketalaridan Rossiyaga chuqur zarba berish uchun foydalanish imkoniyatlarini muhokama qilmoqda”, dedi diplomat.
Lavrovning qo‘shimcha qilishicha, Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Moskva bilan muzokaralarni taqiqlovchi farmonni imzolaganini, shuning uchun “biron bir davlatning, jumladan, Turkiyaning vositachilik harakatlari muvaffaqiyat qozonishi ehtimoldan yiroq”.
Alpha version: 0.9.1.19 build 120300 | Инструменты