XOQning "Olimpiya birdamligi" dasturi asosida tashkil etilgan o'quv-texnik seminari yakunlandi

Mazkur seminar Xalqaro olimpiya qo'mitasi (XOQ)ning “Olimpiya birdamligi” dasturi asosida tashkil etildi.
Seminarni olib borish uchun Hindiston va Norvegiyalik xalqaro ekspertlar Sonal Ramendra va Leyf Steynar Rollandlar taklif etilishgandi. Seminar dasturi zamonaviy bosqichda yuqori toifadagi sportchilarni tayyorlash masalasida nazariy mashg'ulotlar bilan birgalikda, murabbiylarning professional malakasini xalqaro talablar darajasida oshirish masalalarini ham qamrab olgandi.
Bugun seminarning so'nggi kunida tinglovchilar olgan bilimlari asosida imtihon topshirishdi va shundan so'ng ularga sertifikatlar topshirildi.
Milliy olimpiya qo'mitasida bo'lib o'tgan seminarning yopilish marosimida Qo'mita Bosh kotibi Oybek Kasimov va O'zbekiston o'q otish sporti federatsiyasi Bosh kotibi Jaloliddin Atabullayev, shuningdek xalqaro o'q otish sporti federatsiyasi ekspertlari Sonal Ramendra va Leyf Steynar Rolland, sportchilar, murabbiylar va ommaviy axborot vositasi xodimlari ishtirok etishdi.
O'z navbatida Oybek Kasimov so'z olib, avvalo barchani seminarning muvaffaqiyatli o'tganligi bilan qutladi. Xalqaro ekspertlarga esa minnatdorchilik izxor qilib, ularning har ikkalasiga Milliy olimpiya qo'mitasi nomidan esdalik sovg'alarini topshirdi.  
O'zbekiston o'q otish sporti federatsiyasi Bosh kotibi Jaloliddin Atabullayev, sportning ushbu turi bo'yicha mamlakat terma jamoasi bosh murabbiyi Natalya Yefimova va sport faxriysi Hurram Azizovlar ushbu o'quv-texnik seminarni yuqori saviyada tashkil etib bergan Milliy olimpiya qo'mitasi rahbarlariga minnatdorchilik izhor qilishdi.
Shundan so'ng, seminarda ishtirok etgan 39 nafar tinglovchiga maxsus sertifikatlar topshirildi. Ta'kidlash lozimki, mazkur seminarning o'tkazilishi mamlakatimizda o'q otish sportining jadal suratlar bilan rivojlanishida muhim ahamiyat kasb etadi.

Ma'lumot uchun, Milliy olimpiya qo'mitasi 1997 yildan beri sport kadrlari malakasini oshirish yo'lida shu kabi seminarlarni o'tkazib kelmoqda. Ortda qolgan davr mobaynida MOQ Xalqaro olimpiya qo'mitasi yordamida badiiy va sport gimnastikasi, qilichbozlik, basketbol, sport kurashlari, taekvondo, dzyudo, yengil atletika, suzish, voleybol, ot sporti, figurali uchish va boshqa sport turlari mutaxassislari uchun 40 dan ziyod o'quv kurslari tashkil etdi.

Manba: www.olympic.uz

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 101802 | Инструменты