O'zbekistonda 10 dan ortiq bukmekerlik xizmatlarini koʻrsatuvchi veb-saytlari bloklandi
Mamlakatimizda bukmekerlik faoliyati noqonuniy hisoblanadi. Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi Kodeksining 191-moddasi (Qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa oʻyinlar) shuningdek, Jinoyat Kodeksining 278-moddasi (Qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa oʻyinlarni tashkil etish hamda oʻtkazish)ga binoan bu turdagi faoliyat hali ham noqonuniy hisoblanadi.
Shu bilan birga “Reklama toʻgʻrisida”gi Qonunning 6-moddasiga koʻra reklamada ishlab chiqarilishi yoki realizatsiya qilinishi qonunchilik bilan taqiqlangan mahsulot toʻgʻrisidagi axborotni, jumladan, totalizator va bukmekerlik idoralari haqidagi maʼlumotlarni tarqatish taqiqlanadi.
Bukmekerlik faoliyati noqonuniy ekanligiga qaramay, onlayn-bukmekerlik bozori internet tarmoqlari orqali faol rivojlanib bormoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi huzuridagi Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish agentligi xodimlari muntazam ravishda internet tarmoqlarida joylashtirilayotgan reklama maʼlumotlarining reklama toʻgʻrisidagi qonunchilik talablariga muvofiqligini oʻrganib boradi.
Oʻtgan davr mobaynida Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bilan birgalikda 10 dan ortiq noqonuniy faoliyat yurituvchi saytlarga kirish cheklangan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 11616 | Инструменты