Sotheby’s kimoshdi uyi Ai-Da rassom-roboti yaratgan portretni savdoga chiqaradi, deb xabar beradi CNN.
Ai-Da dunyodagi birinchi ultrarealist rassom-robot hisoblanadi. Uni Eydan Meller va Engineered Arse mutaxassislari tayyorlagan. Ai-Da bionik qo‘llari va ko‘zlaridagi kameralar yordamida rasm chizadi. Robot dasturchi ayol Ada Lavleys sharafiga Ai-Da deb nomlangan.
Robot chizgan suratda matematik Alan Tyuring tasvirlangan. Sotheby’s polotno uchun 120-180 ming dollar qo‘lga kiritishni rejalashtirgan. Auksion 31 oktyabr kuni ochiladi.
Ai-Da o‘z ishi yirik kimoshdi uyi tomonidan sotuvga qo‘yilgan birinchi rassom-robotga aylanadi. Kartina, shuningdek, 2024 yilning mayida BMTga namoyish etilgandi.
"Mening ishlarim Birlashgan Millatlar Tashkilotining sun’iy intellektdan mas’uliyat bilan foydalanish borasidagi tamoyillariga mos keladi — Alan Tyuring ham buning tarafdori edi", — deydi muloqot uchun SIning ilg‘or til modelidan foydalanadigan robot.
2022-yilda robot Billi Aylish, Dayana Ross, Kendrik Lamar va Pol Makkartnining portretlarini chizgan edi. Undan bir yil oldin esa Misr chegarachilari Ai-Da rassom-robotni josuslikda gumon qilib ushlashgandi. Xavfsizlik kuchlari robot ko‘zlariga o‘rnatilgan kameralar yordamida josuslik qilishi va tanasidagi modem orqali ma’lumotlarni uzatishi mumkin deb hisoblagan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 122621 | Инструменты