Huawei 1
10 davlat Rossiya va Shimoliy Koreya o‘rtasidagi harbiy hamkorlikni qoraladi

Avstraliya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Italiya, Kanada, Yangi Zelandiya, AQSh, Fransiya, Janubiy Koreya va Yaponiya tashqi ishlar vazirlari, shuningdek, Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Kaya Kallas 16 dekabr, dushanba kuni qo‘shma bayonot bilan chiqdi. Unda Ukrainaga qarshi urush olib borayotgan Rossiya va Shimoliy Koreya o‘rtasidagi harbiy hamkorlik, jumladan, Shimoliy Koreya askarlarining Rossiya Federatsiyasining Kursk oblastidagi harbiy amaliyotlarga jalb etilishi qoralangan.

«Shimoliy Koreyaning Rossiyaning Ukrainaga qarshi bosqinchilik urushini to‘g‘ridan to‘g‘ri qo‘llab-quvvatlashi mojaroning Yevropa va Hind-Tinch okeani xavfsizligi uchun jiddiy oqibatlarga olib keladigan xavfli kuchayishini anglatadi, - deyiladi Germaniya tashqi ishlar vazirligi saytida e’lon qilingan ushbu hujjatda. - Shimoliy Koreyaning Ukrainaga qarshi ishlatish uchun Rossiyaga ballistik raketalar, artilleriya snaryadlari va boshqa harbiy texnikalarini jo‘natishi, shuningdek, Shimoliy Koreya askarlarini Rossiyada o‘qitish BMT Xavfsizlik Kengashining 1718 (2006), 1874 (2009) va 2270 (2016) rezolyutsiyalarini qo‘pol ravishda buzmoqda».

KXDRning noqonuniy qurol dasturlari haqida

Bayonot mualliflari «Rossiya Shimoliy Koreyaning noqonuniy qurol dasturlari, jumladan, ommaviy qirg‘in qurollarini yaratish dasturlari va ularni yetkazib berish tizimlariga har qanday siyosiy, harbiy yoki iqtisodiy yordam ko‘rsatishi ehtimolidan chuqur xavotirda» ekanini ta’kidlaydi. Diplomatlarning fikricha, Rossiya Federatsiyasi va KXDR o‘rtasidagi bunday harbiy hamkorlik «Koreya yarimorolidagi tarang vaziyatni yanada kuchaytiradi».

«Biz Ukrainani uning erkinligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini himoya qilishda qat’iy qo‘llab-quvvatlashga sodiqligimizni birgalikda tasdiqlaymiz, biz Shimoliy Koreyani Rossiyaning Ukrainaga qarshi bosqinchilik urushini qo‘llab-quvvatlashni darhol to‘xtatishga, shu jumladan Shimoliy Koreya qo‘shinlarini (harbiy harakatlar teatridan) olib chiqib ketishga chaqiramiz», deya ta’kidlanadi hujjatda.

Imzolovchi davlatlar, jumladan, xalqaro hamjamiyatning boshqa a’zolarini ham o‘z chaqirig‘iga qo‘shilishga chaqirdi va «Shimoliy Koreya-Rossiya hamkorligidan kelib chiqadigan tahdidni bartaraf etish uchun, shu jumladan, iqtisodiy sanksiyalarni qo‘llash orqali hamjihatlikda harakat qilishni davom ettirish»ga va’da berdi. 

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 121817 | Инструменты