Huawei 1
2025 yilda tug‘ilganlar yangi «Beta avlodi»ning ilk vakillari bo‘ladi

2025 yilda yangi avlod dunyoga keladi va 2039 yilgacha tug‘ilgan barcha bolalar «Beta avlodi» deb nomlanadi. Ular texnologiya bilan ajoyib integratsiyalarni va ulkan madaniy o‘zgarishlarni ko‘radilar. Bu haqda sotsiolog va futurolog Mark MakKrindl xabar berdi. U «Alfa avlodi» (2010 va 2024 yillar oralig‘ida tug‘ilgan odamlarning ijtimoiy ongli, texnologiyani yaxshi biladigan avlodi) atamasini o‘ylab topgan olim hisoblanadi.

Avlodlarni tahlil qilishning ushbu uslubi odamlarni tug‘ilgan yiliga qarab guruhlarga ajratadi. Bu esa ularning munosabati va xatti-harakatlarini shakllantiradigan madaniy, texnologik va ijtimoiy ta’sirlarni tushunish uchun xizmat qiladi. Odatda, har bir avlod davri taxminan 15 yil davom etadi va dunyodagi sezilarli o‘zgarishlarni, odamlarning umumiy qadriyatlarini aks ettiradi.

Yangi «Beta» avlod «Millenniallar» (1980-1994 yillarda tug‘ilgan) va Z avlodi (1995-2009 yillarda tug‘ilgan) farzandlaridir. Bu ikkala avlod ham tobora ko‘proq texnologiyaga boyigan dunyosi bilan ajralib turgan - bu tendensiya yil sayin kuchayib boraveradi.

«Alfa avlodi» aqlli texnologiyalar va sun’iy intellekt (SI) ta’sirida shakllangan bo‘lsa-da, «Beta avlodi» SI va avtomatlashtirish jarayonlari kundalik hayotga to‘liq integratsiyalashgan dunyoda yashaydi. Shunday qilib, ularning raqamli va fizik dunyoni idrok etishi deyarli bir-biridan ajralmas bo‘ladi.

«Ular [Beta avlodi] kundalik hayotning standart jihatlari sifatida keng ko‘lamli avtonom transport vositalari, taqiladigan sog‘liqni saqlash texnologiyalari va ajoyib virtual muhitlar bilan tanish birinchi avlod bo‘lishi mumkin. Ularning shakllanish yillari shaxsiylashtirishga ko‘proq e’tibor qaratilishi bilan ajralib turadi – SI algoritmlari ularning ta’lim olish, xarid qilish va ijtimoiy o‘zaro ta’sirlarini bugungi kunda biz tasavvur qila boshlagan usullarga moslashtiradi», dedi Mark MakKrindl.

Boshqa tomondan, «Beta avlodi»ga Internetning ayrim jihatlariga nisbatan o‘sib borayotgan shubhalar ham ta’sir qiladi. Ular ijtimoiy tarmoqlarda «katta bo‘lgan», lekin ularning salbiy ta’sirini yaxshi tushungan ota-onalar tomonidan tarbiyalangan birinchi avlod bo‘ladi.

«Z avlodi (1995-2009 yillarda tug‘ilganlar) ota-onalari farzandlarining ekran oldida o‘tirish va ishlash vaqtini cheklash o‘zlari uchun ustuvor ahamiyatga ega ekanligini ko‘proq tushunishadi (Z avlod ota-onalarining 36 foizi, «Millenial» ota-onalarning 30 foizi). Z avlod ekrandan foydalanish vaqtining afzalliklarini ko‘radi, biroq uning salbiy tomonlarini ham birdek ko‘radi hamda bolalarning undan foydalanishiga qarshi bo‘ladi», deb qo‘shimcha qildi Makkrindl.

2035 yilga borib, «Beta avlodi» dunyo aholisining 16 foizini tashkil qiladi va ularning aksariyati XXII asrgacha yashashi kutilmoqda.

Ularning dunyosi iqlim o‘zgarishi va global demografiya kabi dolzarb ijtimoiy muammolar tufayli shakllangan oldingi avlodlardan sezilarli darajada farq qiladi. Ularning ushbu masalalarga yondashuvi, ehtimol, xilma-xillik va tenglik kabi ideallarni qo‘llab-quvvatlash bilan mashhur bo‘lgan «Millenial» va «Z avlodi» ota-onalarining qadriyatlari asosida shakllanishi mumkin.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 10513 | Инструменты