Huawei 1
Afg‘onistondagi viloyatda amaldorlarga suratga tushish va intervyu berish taqiqlandi

Afg‘oniston sharqidagi Nangarhor viloyati hokimiyati mahalliy amaldorlarga ommaviy axborot vositalariga suratga tushish va video intervyular berishni rasmiy ravishda taqiqladi. Bu haqda Afg‘on jurnalistika markazi xabar berdi.

Markazga ko‘ra, Afg‘onistondagi “Tolibon” muvaqqat hukumatining OAV erkinligiga qarshi harakatlar tobora kuchaymoqda.

“Bu taqiq juda tashvishli holatdir, chunki Nangarhor bunday cheklovlarni joriy qilgan beshinchi viloyat bo‘ldi”, deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, xavfsizlik sababli ismini oshkor qilishni istamagan Nangarhordagi OAV rahbari bu buyruqni mahalliy amaldorlarga viloyat hokimining o‘rinbosari Azizullo Mustafo berganini ma’lum qilgan.  Viloyat axborot va madaniyat departamenti direktori Qureyshi Badlun ushbu buyruq haqida amaldorlar va mahalliy OAV rahbarlarini 12 noyabr kuni WhatsApp orqali xabardor qilgan. Buyruqda, xususan, “Tolibon”ning oliy yetakchisi Haybatulloh Oxundzoda tomonidan tasdiqlangan vazirlikning axloq qoidalari qonuniga muvofiq viloyat harbiy kengashi endi tirik mavjudotlarni suratga olish va ularni efirga uzatishni taqiqlashi belgilangan.

Shuningdek, Nangarhor hokimi o‘rinbosari viloyatdagi barcha amaldorlar xabarlarni endi faqat yozma shaklda OAVga yetkazishi kerakligini buyurgan. OAVga esa faqat hukumat binolari, e’lonlar va logotiplardan foydalanishga ruxsat etilgan. Bundan tashqari, mahalliy amaldorlar bilan barcha intervyular bundan buyon faqat audio shaklda o‘tkazilishi lozimligi aytilgan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 111515 | Инструменты