Huawei 1
Agar AQSH tariflarni joriy etsa, Meksika ham o‘z tariflarini oshiradi — Klaudiya Sheynbaum

AQSHning saylangan prezidenti Donald Tramp Oq uyga qaytgach, Meksika uchun 25 foizlik umumiy tarifni joriy qilsa, Meksika ham javob choralarini ko‘radi. Bu haqda mamlakat Prezidenti Klaudiya Sheynbaum bayonot berdi. 

Meksika hukumati 25 foizlik tarif joriy qilinishi oqibatida 400 ming amerikalik ish o‘rnini yo‘qotishi va AQSHdagi iste’molchilar uchun narxlarning oshishi mumkinligi haqida ogohlantirgan.

“Agar AQSH tariflarni joriy etsa, Meksika ham o‘z tariflarini oshiradi”, degan Sheynbaum o‘z bayonotida.

Meksika Iqtisodiyot vaziri Marselo Ebrard esa import soliqlariga qarshi kurash o‘rniga ko‘proq mintaqaviy hamkorlik va integratsiyaga chaqirgan.

“Bu o‘z oyog‘iga bolta urish bilan barobar. Mazkur tariflar Meksika, Kanada va AQSH o‘rtasidagi USMCA savdo shartnomasini buzishi mumkin”, degan Ebrard.

Shuningdek, u tarifning oshishi AQSHda katta miqdorda ish o‘rinlarining yo‘qolishi, iqtisodiy o‘sishning pasayishiga olib kelishi va Meksikadagi AQSH kompaniyalariga ular to‘laydigan soliqlarni ikki baravar ko‘paytirish orqali zarar yetkazishi haqida ogohlantirgan.

Ebrardning ta’kidlashicha, AQSHda sotiladigan Pikap avtomobillarning 88 foizi Meksikada ishlab chiqariladi va ularning narxi oshishi kutilmoqda. Bu transport vositalari asosan Trampga ovoz bergan qishloq hududlarida ommalashgan.

“Bizning hisob-kitoblarimizga ko‘ra, ushbu transport vositalarining o‘rtacha narxi 3 ming dollarga qimmatlashadi”, deya ta’kidlagan Ebrard.

Sheynbaum va Tramp kecha, 27 noyabr kuni telefon orqali suhbatlashib, kun tartibidagi eng dolzarb masalalarni muhokama qilgan. Sheynbaum Tramp bilan bo‘lgan suhbatda Meksikaning migratsiya strategiyasini tushuntirgan, bu strategiya migrantlar AQSH-Meksika chegarasiga yetib kelishidan oldin ularga “e’tibor qaratishini” ta’kidlagan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 112818 | Инструменты