Suriya administratsiyasi rahbari Ahmad ash-Shar’a mamlakatning o‘tish davridagi prezidenti sifatida e’lon qilindi, deb xabar beradi SANA agentligi.
Yangi hukumat, shuningdek, oldingi konstitutsiya bekor qilinishi va parlament tarqatib yuborilishini e’lon qildi. Barcha xavfsizlik xizmatlari va qurolli tuzilmalar tarqatiladi — ularning o‘rniga fuqarolar xavfsizligini ta’minlaydigan yangi tuzilma paydo bo‘ladi.
«Hozir Suriya uchun hokimiyatdagi bo‘shliqni to‘ldirish, fuqarolar tinchligini saqlash, davlat institutlarini qurish, mamlakatning iqtisodiy rivojlanishi uchun zamin yaratish, Suriyaning xalqaro va mintaqaviy maqomiga ustuvor vazifalardan hisoblanadi», — deydi Ahmad ash-Shar’a.
Tayinlangan prezidentning vakolatlari Suriyada yangi konstitutsiya qabul qilingunga qadar amalda bo‘ladi. 2012 yilgi konstitutsiya bekor qilinadi. Mamlakat hukumati, shuningdek, sobiq prezident Bashar Asad tomonidan qabul qilingan qator qonunlarni ham bekor qiladi. Endi 8 dekabr Suriyada «Buyuk Suriya inqilobi» g‘alabasi kuni sifatida nishonlanadi.
Bundan tashqari, Suriyada 61 yil hukmronlik qilgan «Baas» partiyasi tarqatib yuboriladi. Partiyaning boshqa nom ostida qayta faoliyat yuritishi taqiqlanadi.
Suriyada 2024 yil 8 dekabr kuni hokimiyat almashdi. Sobiq prezident Bashar Asad mamlakatni tark etib, Rossiyadan siyosiy boshpana oldi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 13022 | Инструменты