Huawei 1
AQSh Eron bilan ortayotgan keskinlik fonida Iroqdagi elchixonasi xodimlarini evakuatsiya qilmoqda

AQSh Bag‘doddagi elchixonasining zarur bo‘lmagan xodimlari va ularning oila a’zolarini xavfsizlik tahlikalari kuchaygani sababli Iroqdan evakuatsiya qilmoqda. Bu haqda AQSh hukumati manbalariga tayanib CBS nashri xabar berdi.

Rasmiylar evakuatsiyaga aynan nima sabab bo‘lganini ochiqlamagan. Biroq BBC xabariga ko‘ra, chorshanba kuni AQSh rasmiylariga Isroil Eron hududida harbiy operatsiya boshlashga tayyor ekani haqida ma’lumot berilgan. Bu ma’lumot AQShning ayrim fuqarolarini mintaqani tark etishga chaqirishiga sabab bo‘lgan. AQSh, shuningdek, Eron tomonidan Iroqda joylashgan ayrim AQSh obektlariga javob hujumi uyushtirishi mumkinligidan xavotirda.

Bu orada, AQSh va Eron o‘rtasidagi yadroviy dastur bo‘yicha muzokaralar so‘nggi kunlarda to‘xtab qolgandek ko‘rinmoqda. CBS ma’lumotiga ko‘ra, AQShning Yaqin Sharq bo‘yicha maxsus vakili Stiv Uitkoff yakshanba kuni muzokaralarning oltinchi bosqichi uchun eronlik rasmiylar bilan uchrashishni rejalashtirmoqda.

AQSh Davlat departamenti rasmiysi BBCʼga bergan izohida shunday degan:

«Biz har doim elchixonalarimizdagi xodimlar sonining to‘g‘riligini baholab boramiz. So‘nggi tahlillar asosida Iroqda elchixona faoliyatining ko‘lamini qisqartirishga qaror qildik».

Avvalroq Kennedi markazida chiqish qilgan Donald Tramp ham xavfli hudud bo‘lishi mumkinligidan, amerikaliklarga mintaqani tark etish tavsiya qilgandi. Shuningdek, Tramp Eronning yadroviy qurol ishlab chiqishiga yo‘l qo‘yilmasligini yana bir bor ta’kidlagan.

BBC'ning yozishicha, Tramp Tehronni yadroviy qurol ishlab chiqishdan to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishishga umid qilmoqda. Biroq u chorshanba kuni Eron uranni boyitishni to‘xtatishiga bo‘lgan ishonchi susayganini bildirdi.

Avvalroq Tramp Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyahu bilan 40 daqiqalik — «keskin» deb tavsiflangan — telefon suhbati o‘tkazdi. Netanyahu doim diplomatik yo‘l o‘rniga harbiy choralarni afzal ko‘rib keladi. Yadroviy muzokaralar hal qiluvchi pallaga kirayotgan bir vaqtda, AQShning bu bayonoti haqiqiy xavotirdanmi yoki shunchaki ogohlantirish va siyosiy signalmi — hozircha aniq emas.

Eron mudofaa vaziri Aziz Nasirzoda esa agar muzokaralar muvaffaqiyatsiz yakunlansa va Tramp Eron Islom Respublikasiga qarshi harbiy zarba berishga buyursa, Eron mintaqadagi AQSh harbiy bazalariga javob berishga tayyorligini qat’iy aytgan edi.

Reuters agentligining yozishicha, AQSh mudofaa vaziri Pit Hegset ham mintaqadagi (shu jumladan Kuvayt va Bahrayn) harbiy xizmatchilar oilalarini ixtiyoriy ravishda evakuatsiya qilishga ruxsat bergan. Chorshanba kuni Kongress qo‘mitasi oldida hisobot bergan Pentagon vakili shunday dedi:

«Bizda Eron yadroviy qurolga o‘xshash narsa yaratish yo‘lida harakat qilayotganidan dalolat beruvchi ko‘plab belgilar bor».

Eron esa o‘zining uran boyitish dasturi faqat tinch maqsadlar — energiya ishlab chiqarish uchun mo‘ljallanganini ta’kidlamoqda va yadroviy bomba yaratish niyatida emasligini bildirgan.

Tahlilchilarga ko‘ra, AQSh mintaqada ehtimoliy Eron-Isroil to‘qnashuvi oldidan xavfsizlik choralarini ko‘rmoqda, yadroviy muzokaralar esa boshi berk ko‘chaga kirib qolgan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 61311 | Инструменты