Agar AQShning saylangan prezidenti Donald Tramp Grenlandiyani kuch bilan qo‘shib olishga qaror qilsa, Daniya muxtoriyatni himoya qila olmaydi, deb yozadi Politico nashri.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2024-yilda Qo‘shma Shtatlarning harbiy byudjeti 948 milliard dollarni, Daniyaning harbiy byudjeti esa 9,9 milliard dollarni tashkil etgan. AQSh qurolli kuchlari soni 1,3 million kishiga, Daniya qurolli kuchlari esa 17 ming kishiga yetadi.
Politico nashriga intervyu bergan Daniya xalqaro tadqiqotlar instituti katta ilmiy xodimi Ulrik Pram Gadning fikricha, AQSh va Daniya o‘rtasidagi nazariy qurolli to‘qnashuv juda tez tugab, Daniya uchun mag‘lubiyat bilan yakunlanadi.
“Bu dunyodagi eng qisqa urush bo‘ladi, Grenlandiyaning mudofaa salohiyati yo‘q. Amerikaliklar boshqaruvni qo‘lga olgan bo‘lardi”, dedi mutaxassis.
Uning qo‘shimcha qilishicha, Daniyaning ayrim qirg‘oq qo‘riqlash kemalari Grenlandiyaning janubi-sharqiga tez-tez kirib turadi. Biroq Daniya matbuotining yozishicha, nishonga olish uchun zarur bo‘lgan dasturiy ta’minot xarid qilinmagan va kemalarga o‘rnatilmagan. Bundan tashqari, Daniya o‘zining harbiy texnikasining aksariyatini Ukrainaga topshirgan. Maqola mualliflari, shuningdek, AQSh harbiy kontingentining bir qismi Grenlandiyada joylashganligini ta’kidlashgan.
Tramp Grenlandiya ustidan nazoratni “milliy xavfsizlik uchun mutlaq zarurat” deb hisoblashini aytgan. Agar u Qo‘shma Shtatlarga qo‘shilishga qaror qilsa, uni “yana buyuk” qilishga va’da bergan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 11111 | Инструменты