AQSH hukumati Harvard universitetiga chet ellik talabalarni o‘qishga qabul qilishni taqiqladi. Bu haqda The New York Times xabar berdi.
Ichki xavfsizlik vazirligi universitetga xat yo‘llab, almashinuv dasturi bo‘yicha talabalarning qabul qilinishiga ruxsat beruvchi sertifikat darhol bekor qilinishini bildirdi.
Xat nusxasi bilan tanishgan NYT jurnalistlari hukumatning ushbu harakatini «universitet bilan qarama-qarshiliklarida jiddiy keskinlashuv» deb atadi.
Hozircha AQSH hukumati ham, Harvard ham mazkur holatga izoh bermadi.
Eslatib o‘tamiz, 11 aprel kuni Tramp maʼmuriyati Harvard universitetiga xat yo‘llab, universitet boshqaruvida keng ko‘lamli islohotlar o‘tkazish, shuningdek, qabul siyosatini o‘zgartirishga chaqirgandi. Tramp maʼmuriyatining Harvardga qo‘ygan talablari, shuningdek, universitet, professor-o‘qituvchilar va rahbariyatning xilma-xillik haqidagi qarashlarini ko‘rib chiqish va kampusda niqob kiyishni taqiqlashni o‘z ichiga oladi. Jurnalistlarning fikricha, oxirgi talab aniq Falastin tarafdori namoyishchilarga qaratilgan.
14 aprel kuni AQSH federal hukumati Harvard universitetiga 2,2 milliard dollardan ortiq grantlar va 60 million dollarlik shartnomalarni muzlatib qo‘ygani maʼlum bo‘ldi. Aprel oxirlarida esa Harvard universiteti moliyalashtirish muzlatib qo‘yilgani uchun prezident Donald Tramp maʼmuriyati ustidan sudga vaʼdo arizasini kiritdi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 90400 | Инструменты