Qo‘shma Shtatlar Rossiyaning NATOning sharqda kengaymasligi haqidagi xavotirlari asosliligini tan oladi va bu masalani Ukraina inqirozini tinch yo‘l bilan hal qilish doirasida muhokama qilishga tayyor. Bu haqda AQSH prezidentining Ukraina bo‘yicha maxsus vakili Kit Kellog ABC News telekanaliga bergan intervyusida maʼlum qildi.
«Bu to‘g‘ri tashvish. Biz Ukrainaning NATOga qo‘shilishi masalasi muhokama qilinmayotganini bir necha bor taʼkidlaganmiz», — dedi u.
Maxsus vakilning so‘zlariga ko‘ra, Kiyevning Shimoliy Atlantika alyansiga qo‘shilishi bo‘yicha xuddi shunday pozitsiyaga NATOga aʼzo boshqa qator davlatlar ham qo‘shiladi.
Kellog Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi mojaroga barham berish uchun Vladimir Putin yetakchi G‘arb davlatlaridan NATO sharq tomon kengaymasligi haqida «yozma kafolat» olmoqchi ekani avvalroq maʼlum qilinganini eslatdi.
Maxsus vakil Vashington Moldova va Gurjistonni ittifoqqa jalb etishdan bosh tortishga ham tayyor ekanligini tasdiqladi.
Uning qayd etishicha, AQSH prezidenti Donald Tramp rossiyalik hamkasbi Putinga agar bunday talab urushni tugatish shartiga aylansa, NATOni sharqqa kengaytirmaslikka vaʼda berishga tayyor.
Uning qo‘shimcha qilishicha, Istanbulda bo‘lib o‘tadigan Rossiya-Ukraina muzokaralarining ikkinchi bosqichida NATO masalasi, Qrim taqdiri, Donesk, Zaporijjya, Xerson va Luhansk viloyatlari muhokama qilinadi. Uning aytishicha, Ukraina delegatsiyasiga mudofaa vaziri Rustem Umerov boshchilik qiladi.
Maxsus vakil, shuningdek, Tramp Ukraina bo‘yicha muzokaralardan chiqishi va tashabbusni Yevropaga topshirishini istisno etmadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu Oq uy rahbari o‘zidan “foydalanishayotganini” his qilsa va muzokaralarda hech qanday o‘zgarish kutilmasa sodir bo‘ladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 60204 | Инструменты