Huawei 1
AQSh vitse-prezidenti Zelenskiyga Trampni tanqid qilmaslikni maslahat berdi

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy amerikalik hamkasbi Donald Trampni omma oldida tanqid qilmasligi kerak edi, deydi AQSh vitse-prezidenti Jyey Di Vens.

Uning aytishicha, Zelenskiyga AQShning yangi ma’muriyati bilan muloqot qilish bo‘yicha «yomon maslahatlar» berishgan.

«Zelenskiy prezident fikrini uni OAVda haqorat qilgan holda o‘zgartirishga urinmoqda. Prezidentni tanigan barcha aytishi mumkinki, bu mazkur ma’muriyat bilan ish olib borishning jirkanch usuli», — deydi Vens.

Uning ta’kidlashicha, Trampning pozitsiyasi Zelenskiy aytganidek Rossiya «dezinformatsiya»siga asoslanmagan. 

«Tramp, o‘ylaymanki, geosiyosatni yaxshi tushunadi va juda qat’iy pozitsiyaga ega bo‘lib, u uzoq vaqtdan beri o‘zgarmay keladi», — deya qayd etadi Vens.

AQSh prezidenti 18 fevral kuni Ukrainada anchadan beri saylovlar bo‘lmagani, uni o‘tkazishga Rossiya emas, mamlakatdagi vaziyat turtki berayotganini ma’lum qildi. Shuningdek, u Zelenskiyning ishonch reytingi 4 foizni tashkil etishini ta’kidladi.

Ukraina yetakchisi shundan so‘ng ushbu ma’lumotlar «Rossiya dezinformatsiyasi» ekanini aytdi. «Agar kimdir meni hoziroq almashtirmoqchi bo‘lsa, buning iloji yo‘q», deya qo'shimcha qildi Zelenskiy.

Shuningdek, u ishonch reytingi juda past ekanini rad etib, Kiyev xalqaro sotsiologiya institutining oxirgi so‘rovidagi ma’lumotlarda unga ukrainaliklarning 57 foizi ishonishi aniqlanganini ta’kidladi.

19 fevral kuni Tramp Ukrainada saylovlar o‘tkazish mavzusini davom ettirib, Zelenskiyni «saylovsiz diktator» deb atadi. 

«Saylovsiz diktator, Zelenskiy tezroq harakat qilgani ma’qul, aks holda mamlakatidan ajraladi», dedi Tramp.

Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSh hozirda urushni to‘xtatish bo‘yicha Rossiya bilan muvaffaqiyatli muzokaralar olib bormoqda, «Zelenskiy esa dahshatli ishlarni qilgan, uning mamlakati vayron bo‘lgan, millionlab odamlar behuda halok bo‘lgan va bu davom etmoqda».

Ukrainada prezidentlik saylovlari 2024 yil mart oxirida bo‘lib o‘tishi kerak edi, ammo harbiy holat tufayli u o‘tkazilmadi. May oyida Zelenskiyning besh yillik vakolati tugadi. Rossiya shundan buyon Ukraina prezidentini «nolegitim» deya hisoblab kelmoqda.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 22120 | Инструменты