US News & World Report media kompaniyasi tomonidan tuzilgan 2023-yilda AQShdagi eng istiqbolli kasblar ro’yxati e’lon qilindi va unda dasturiy ta’minot muhandisligi birinchi o’rinni egalladi. Ushbu kasb o’tgan yilgi reytingda beshinchi o’rindan joy olgan edi.
Bloomberg nashrining qayd etishicha, Meta, Amazon va boshqa bir qancha yirik texnologik kompaniyalarda dasturiy ta’minotchilar ishdan bo’shatilganiga qaramay, bu kasb reytingda yetakchilik qilmoqda.
Aytib o’tish lozimki, reytingni tayyorlashda mutaxassislar AQSh Federal Mehnat statistikasi byurosi maʼlumotlarini chuqur o’rganishgan. Shu bilan birga ular kasbga bo’lgan talab, o’rtacha ish haqi, bandlik darajasi, ish istiqbollari, stress darajasi va boshqa ko’rsatkichlarni ham hisobga olgan.
Reytingga ko'ra, dasturiy ta’minot muhandisligidan tashqari eng talabgor 10 ta kasb qatoriga quyidagilar kiradi:
- amaliyotchi hamshira;
- tibbiy xizmatlarni sotish bo'yicha menejer;
- shifokor yordamchisi;
- axborot xavfsizligi bo’yicha tahlilchi;
- fizioterapevt;
- moliyaviy menejer;
- IT menejeri;
- veb-dasturchi;
- stomatolog.
Shu bilan birga, US News va World Report 2023-yilda eng ko’p maosh oladigan kasb egalari reytingida anesteziologlarni birinchi o’ringa qo’ydi. Ularning o’rtacha ish haqi 208 ming dollar bo’lishi qayd etildi. Shu bilan birga 2 dan 7-o’ringacha joylashgan kasb egalari ham o’rtacha 208 ming dollar ish haqi olishi ma’lum qilindi. Ular: Og'iz va yuz-jag' jarrohi, akusher va ginekolog, jarroh, ortodont, shifokor va psixiatr.
Keyingi o’rinlarda:
- anesteziolog hamshira - $195 610;
- pediatr - $170 480;
- uchuvchi - $134 630.
Alpha version: 0.9.1.19 build 110602 | Инструменты