Toshkentda qishda yetarlicha isitilmagan ko‘p qavatli uylarni tekshirish ishlari boshlandi

Toshkent shahrida ko‘p kvartirali uyda Jahon banki mutaxassislari ishtirokida energiya auditi o‘tkazish boshlandi. Bu haqda poytaxt hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Shu yilning 29-iyul kuni Toshkentda ko‘p kvartirali uylarning energiya samaradorligini oshirish, issiqlik yo‘qotishlarini kamaytirish hamda aholini barqaror va sifatli issiqlik energiyasi bilan ta’minlash bo‘yicha Jahon banki bilan hamkorlikda amaliy ishlar boshlangan. Shunga muvofiq, o‘tgan issiqlik mavsumida belgilangan me’yoriy talablar darajasida isitilmagan ko‘p kvartirali uylar tanlab olindi.

Kecha, 21-sentyabrdan boshlab mazkur uylarda Jahon banki mutaxassislari ko‘magida kompleks energiya auditi o‘tkazish boshlandi. Energiya auditi doirasida binolarning amaldagi texnik va energetik holati, issiqlik yo‘qotish manbalari, tashqi devorlar, tom va yerto‘la qismlari, eshik va derazalar, ichki isitish tizimlari, shuningdek, issiqlik energiyasidan foydalanish samaradorligi o‘rganiladi.

Energiya auditi — foydalanilgan yonilg‘i-energetika resurslari va energiya samaradorligi ko‘rsatkichlari to‘g‘risidagi ishonchli maʼlumotlarni to‘plashga, ularga ishlov berishga hamda ularni tahlil qilishga, shuningdek, xulosa tayyorlashga qaratilgan faoliyat.

Shu bilan birga, xorijiy mutaxassislar tomonidan zarur instrumental o‘lchovlar amalga oshirilib, har bir uyda issiqlik yo‘qotishlariga sabab bo‘layotgan asosiy omillar aniqlanadi hamda ularni bartaraf etish bo‘yicha tegishli texnik yechimlar ishlab chiqiladi.

Qayd etilishicha, energiya auditi natijalari asosida Toshkent shahrida ko‘p kvartirali uylarni samarali isitish metodologiyasi ishlab chiqilishi rejalashtirilgan. Mazkur metodologiyada binolarning texnik holati va energiya samaradorligi, issiqlik yo‘qotish darajasi hamda boshqa texnik ko‘rsatkichlarni hisobga olgan holda ko‘p kvartirali uylarni samarali isitish bo‘yicha yagona yondashuvlar belgilanadi.

“Ishlab chiqiladigan metodologiya Toshkent shahridagi ko‘p kvartirali uylarni energiya samaradorligi nuqtayi nazaridan baholash, modernizatsiya qilinishi lozim bo‘lgan ko‘p kvartirali uylarni aniqlash, ularda issiqlik yo‘qotishlarini kamaytirish va energiya tejamkor yechimlarni joriy etish, shuningdek, elektr energiyasi va tabiiy gaz resurslaridan oqilona foydalanish bo‘yicha manzilli chora-tadbirlarni belgilashga asos bo‘lib xizmat qiladi”, deyiladi xabarda.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 92215 | Инструменты