Buxoro Arki, Poyi Kalon va Labi Hovuz ansambllarida yo‘lovchi tashishga mo‘ljallanmagan transport vositalari harakati cheklanadi

1-oktabrdan Buxoro shahrining tarixiy qismida yo‘lovchi tashishga mo‘ljallanmagan transport vositalari harakati cheklanadi. Bu haqda shahar hokimining 21-sentabrdagi qarorida belgilangan.

Cheklov Ark qo‘rg‘onidan Poyi Kalon ansambli, Haqiqat ko‘chasi bo‘ylab Labi Hovuz ansambligacha bo‘lgan hududga taalluqli. Qarorga ko'ra, mazkur hududda yo‘lovchi tashish uchun mo‘ljallanmagan yoki amaldagi talablarga javob bermaydigan elektromobillar, riksha, velomobil, velosiped, skuter, elektroskuter va boshqa mexanik hamda elektron harakatlanish vositalari soni ko‘paygan. Bu tartibsiz harakatlanish, sayyohlar va piyodalar xavfsizligiga tahdid hamda jarohatlanish holatlariga olib kelgan.

Cheklov doirasiga, jumladan, elektroskuter, riksha, moped, to‘rt g‘ildirakli velosiped, elektrosamokat va kartinglar kiradi. Shuningdek, mazkur hududda ot va tuyada harakatlanish ham cheklanadi.

Buxoro shahar IIO FMB, viloyat IIBning Xavfsiz turizmni ta’minlash boshqarmasi, shahar davlat soliq inspeksiyasi va viloyat Madaniy meros boshqarmasiga cheklovlarni joriy etish, kirish-chiqish joylariga tegishli axborot ko‘rsatkichlari va yo‘l belgilari o‘rnatish topshirildi.

Shuningdek, tarixiy hududda faoliyat yuritayotgan jismoniy va yuridik shaxslarni qaror talablari haqida oldindan xabardor qilish va tushuntirish ishlarini olib borish belgilandi.

Hokimlik qarorda mazkur vositalardan foydalanib xizmat ko‘rsatuvchi o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun muqobil hududlar ham belgilanishini ko‘rsatgan. Ular, xususan, Yangi O‘zbekiston bog‘i yoki “Boqiy Buxoro” bog‘i hududida belgilangan tartibda xizmat ko‘rsatishi mumkin.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 92214 | Инструменты