Huawei 1
AQSHda keniyalik erkak 11 sentyabr teraktini takrorlashga urinishda ayblandi

AQSHda Keniya fuqarosi Cholo Abdi Abdulla 2001 yil 11 sentyabr teraktini qayta amalga oshirishga urinishda aybdor deb topildi. Bu haqda AQSH Adliya vazirligiga tayanib, “Daily mail” xabar berdi.

Janubiy Nyu-York okrugi prokurori Damian Uilyamsga ko‘ra, 34 yoshli Abdulla “tarixdagi eng jirkanch terrorchilik harakatlaridan birini” takrorlashga uringan. U Somalida uzoq vaqt davomida “Ash-Shabob” guruhida tayyorgarlikdan o‘tgan va yo‘lovchi samolyotini o‘g‘irlab, AQSHdagi binoga borib urish niyatida bo‘lgan. Abdulla tijorat aviatsiyasi uchuvchisi guvohnomasini olish arafasida turgan va bir vaqtning o‘zida yirik hujumni rejalashtirgan, shu jumladan, samolyot kabinasiga kirish yo‘llarini o‘rganib chiqqan. Adliya vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, Abdulla o‘zining “Ash-Shabob”dagi rahbariga yashirin xabarlar orqali tayyorgarlik borasidagi natijalarni bildirgan.

“Sud hay’ati Cholo Abdi Abdulla – “Ash-Shabob" jangarisi 11 sentyabr hujumiga o‘xshash terror harakati orqali amerikaliklarni o‘ldirish uchun til biriktirgan degan xulosaga keldi... Sud hukmi Abdullaning jinoyatlari uchun o‘nlab yillarni qamoqda o‘tkazishini kafolatlaydi”, dedi AQSH Bosh prokurori Merrik Garland.

Qayd etilishicha, oltita ayblov bo‘yicha aybdor deb topilgan Abdullaga AQSH qonunchiligi bo‘yicha 60 yilgacha yoki umrbod qamoq jazosi tayinlanishi mumkin. Uning hukmi 2025 yilning 10 martida chiqarilishi kutilmoqda.

Ma’lumot uchun, “Ash-Shabob” guruhi Somalida faoliyat yuritib, “Al-Qoida” xalqaro terrorchilik tashkiloti bilan yaqin aloqalarga ega. Ular Somalining markaziy hukumatiga qarshi qurolli kurash olib borib, BMTning gumanitar faoliyatiga to‘sqinlik qiladi. AQSH muntazam ravishda “Ash-Shabob”ning pozitsiyalariga zarbalar berib keladi.

2001 yil 11 sentyabr kuni AQSHda “Al-Qoida” jangarilari to‘rtta samolyotni egallab olgan. Ulardan ikkitasi Nyu-Yorkdagi Jahon savdo markazining egizak minoralariga urilgan. Samolyotlarning uchinchisi mamlakat poytaxti Vashington yaqinidagi Pentagon binosiga qulagan, to‘rtinchisi esa Pensilvaniya shtatida halokatga uchragan. AQSH hukumati rasmiy versiyasiga ko‘ra, teraktni uyushtirgan Usoma bin Loden 2011 yilning 2 may kuni Pokistonning shimoli-g‘arbida joylashgan Abbottobod shahridagi villada maxsus operatsiya davomida yo‘q qilingan. “Al-Qoida” ham ushbu ma’lumotni tasdiqlagan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 110718 | Инструменты