11 dekabr, chorshanba kungi keskin muhokamalardan so‘ng AQSh kongressmenlari 2025 yil uchun munozarali AQSh mudofaa budjetini tasdiqlash uchun ovoz berishdi. Loyiha 895 milliard dollarlik rekord budjetni o‘z ichiga oladi, bu mudofaa xarajatlarini 2024 yilga nisbatan bir foizga oshirishni anglatadi.
Qonun loyihasini 281 kongressmen yoqlab chiqqan bo‘lsa, 140 kishi qarshi ovoz berdi. Ular orasida 124 nafar demokrat va 16 nafar respublikachi bor. Kelgusi hafta hujjat Senatda ko‘rib chiqilishi va mudofaa budjeti loyihasi tasdiqlanishi kutilmoqda. Shundan so‘ng uni AQShning amaldagi prezidenti Jo Bayden imzolashi kerak.
1800 sahifalik hujjat mudofaa, energetika vazirliklari, AQSh Davlat departamenti, shuningdek, razvedka idoralari va milliy xavfsizlik dasturlarini moliyalashtirishni belgilaydi. 2025 yilda amerikalik harbiy xizmatchilarning maoshini kichik serjantlar uchun 14,5 foizga, boshqa xodimlar uchun esa 4,5 foizga oshirish rejalashtirilmoqda. Shuningdek, qonun loyihasida bolalarni boqish va harbiy xizmatchilarning yashash sharoitlarini yaxshilash uchun katta miqdorda mablag‘ ajratish ko‘zda tutilgan.
YeI davlatlari AQSh yordami qisqarsa ham Kiyevni qo‘llab-quvvatlashga tayyor
Yevropa Ittifoqining eng yirik iqtisodiyotlari – Germaniya, Fransiya, Italiya va Ispaniya, shuningdek, Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lmagan Buyuk Britaniya AQShning Kiyevni qo‘llab-quvvatlashi qisqarishi ehtimoli fonida Ukrainaga yordam ko‘rsatish bilan bog‘liq harbiy va moliyaviy yukni o‘z zimmasiga olishga tayyor. Bu haqda 19 noyabr kuni Polsha tashqi ishlar vaziri Radoslav Sikorskiy Varshavada yuqoridagi davlatlar tashqi ishlar vazirlari, YeI tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili lavozimida Jozep Borrelni almashtirishi kerak bo‘lgan estoniyalik Kaya Kallas ishtirokidagi uchrashuv yakunlari bo‘yicha jurnalistlar bilan suhbatda ma’lum qildi.
«Men Yevropa Ittifoqining eng yirik davlatlari AQShning ishtiroki qisqarishi (Kiyevni qo‘llab-quvvatlashda) munosabati bilan Ukrainaga harbiy va moliyaviy yordam yukini o‘z zimmasiga olishga tayyorligini hurmat bilan e’tiborga olaman», — deya AFP Polsha tashqi ishlar vazirligi rahbaridan iqtibos keltirmoqda.
Germaniya, Fransiya, Italiya va Polsha tashqi ishlar vazirlarining Varshavadagi uchrashuvi Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli harbiy bostirib kirishi boshlangani 1000 kunligiga to‘g‘ri keldi. Ushbu tadbirdagi muhim mavzu Donald Tramp Oq uyga qaytganidan keyin Yevropa Ittifoqi va AQSh o‘rtasidagi munosabatlar rivoji ham bo‘ldi. Muhokamalarga Ispaniya va Buyuk Britaniya tashqi ishlar vazirlari onlayn tarzda qo‘shildi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 122705 | Инструменты