AQSHda prezident Jo Bayden tomonidan o‘zlariga tayinlangan o‘lim jazosi shartli ozod etilish imkoniyatisiz umrbod qamoq jazosiga o‘zgartirilgan ikki mahbus tegishli hujjatlarni imzolashdan bosh tortdi. Bu haqida "NBC News" telekanali xabar bermoqda.
Mahbuslarning advokatlari sudga Baydenning ularga nisbatan qarorini bekor qilish talabi bilan da’vo arizasini kiritgan. Mahbuslar o‘zlarining aybsiz ekanini ta’kidlamoqda. Ularga ko‘ra, o‘lim jazosining umrbod qamoq jazosiga yengillashtirilishi apellyasiya davomida yutib chiqish imkoniyatlarini kamaytiradi.
Qayd etilishicha, o‘limga hukm etilganlar apellyasiyasi har doim sud xatolikka yo‘l qo‘ygan bo‘lishi mumkinligi tufayli yaxshilab ko‘rib chiqiladi.
Shu bilan birga, ta’kidlanishicha, o‘lim jazosi yengillashtirilishini bekor qilish mumkin yoki mumkin emasligi, shuningdek, mahbuslarning da’vosi bo‘yicha sud qarori qanday bo‘lishi noma’lum. Xususan, 1927-yilda AQSh Oliy sudi mahkumning qatlni to‘xtatib turish yoki to‘liq afv etish uchun ularning roziligi talab qilinmaydi degan qarorni chiqargan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 10909 | Инструменты