Huawei 1
Argentinada talabalar prezident siyosatiga qarshi norozilik bildirishdi

23-aprel kuni yuz minglab argentinaliklar, ayniqsa, talabalar Buenos-Ayres ko‘chalariga chiqib, prezident Xavyer Mileyning oliy ta’lim sektoridagi budjetni qisqartirganiga norozilik bildirishdi. Bu haqda Deutsche Welle xabar berdi.

Bu Miley hokimiyatga kelganidan beri unga qarshi o‘tkazilgan eng yirik namoyishlardan biri bo‘lmoqda. Talabalar, ota-onalar, o‘qituvchilar, universitet xodimlari, shuningdek, kasaba uyushmalari a’zolari va muxolif partiyalar poytaxt markaziga to‘planib, prezident qarorgohi tomon yurishgan.

Talabalar noroziligiga hukumatning 2024-o‘quv yili uchun inflyatsiya darajasi 288 foizga yetganiga qaramay, universitetlar byudjetini oshirmaslik haqidagi qarori sabab bo‘lgan. Miley lavozimga kirishgandan so‘ng e’lon qilgan Argentina uchun “shok terapiyasi” doirasida universitet budjetlarini muzlatishga qaror qilingan.

Bu, birinchi navbatda, davlat xarajatlarini sezilarli darajada qisqartirishni nazarda tutadi. Shu yo‘l bilan yangi prezident inflyatsiyani jilovlashga umid qilmoqda. Ushbu chora-tadbirlar tufayli mamlakatda 16 yil ichida birinchi marta byudjet profitsiti qayd etildi.

Buenos-Ayres bepul universitetining ba’zi fakultetlari allaqachon xarajatlarni tejash bo‘yicha favqulodda chora-tadbirlarni, jumladan, umumiy joylarda yoritishni kamaytirish, liftlardan foydalanishni cheklash va kutubxonaning ish vaqtini qisqartirishni joriy qilgan. Lotin Amerikasidagi eng yirik universitet tejamkorlik choralari tufayli yopilishidan xavotirda.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga