Chernogoriyaning Setinye shahri chekkasida 1-yanvar, chorshanba kuni bir erkak barda o‘t ochdi, so‘ng ko‘chaga chiqib, o‘tkinchilarga qarata o‘q otishni boshladi. Oqibatda kamida 12 kishi halok bo‘ldi, dedi mamlakat ichki ishlar vaziri Danilo Saranovich.
Uning so‘zlariga ko‘ra, halok bo‘lganlarning ikki nafari muassasa egasining farzandlari. Bar egasining o‘zi ham o‘q tegishi oqibatida vafot etgan. Bundan tashqari, bir necha kishi jarohatlangan.
Vijesti telekanaliga ko‘ra, otishma oldidan barda mushtlashuv bo‘lgan. Politsiyaning fikricha, otishmaga mafiya o‘rtasidagi o‘zaro to‘qnashuv emas, balki oddiy maishiy mojaro sabab bo‘lgan, deb xabar beradi DPA agentligi. Otishma sodir etgan shaxs qochib ketgan. "Ichki ishlar vazirligining barcha kuchlari uni qo'lga olish uchun safarbar qilindi", dedi Saranovich jurnalistlarga.
Keyinroq ichki ishlar vaziri hujumchi Setinyedagi uyi yonida o‘z joniga qasd qilishga uringanini ma’lum qildi. 45 yoshli erkak olgan jarohatlari tufayli kasalxonaga olib ketilayotganda vafot etdi, deya qo'shimcha qildi Saranovich.
Chernogoriya hukumati favqulodda yig‘ilishda uch kunlik motam e’lon qilishga qaror qildi. Bosh vazir Miloyko Spaich televideniye orqali jonli efirda qilgan chiqishida voqeani "dahshatli fojia" deb atadi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 10502 | Инструменты