AQSHning saylangan prezidenti Donald Trampning Grenlandiyani sotib olish haqidagi tahdididan so‘ng Daniya gerbini o‘zgartirdi. Bu haqda The Guardian xabar berdi.
Daniyadagi hukmron Glyuksburglar sulolasining qirollik gerbini o‘zgartirish qaroriga Tramp bayonotlari sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Dekabr oyi oxirida qirol Frederik X Norvegiya va Shvetsiya bilan ittifoqqa ishora qilgan va 500 yildan ortiq vaqt davomida gerbda bo‘lgan uchta tojni olib tashlashni buyurdi.
Shu bilan birga, Grenlandiya va Farer orollari gerblari — oq ayiq va qo‘chqor — ikki qismga bo‘linib, ikkinchi va uchinchi maydonlarga ko‘chirilgan, Daniya va Janubiy Yutlandiya ramzlari esa birinchi va to‘rtinchi maydonlarga o‘tkazilgan.
The Guardian eslatishicha, bu Grenlandiya va uning tashqi siyosati hamda xavfsizlik siyosatini nazorat qilishda davom etayotgan Daniya bilan munosabatlari keskinlashuvi fonida qabul qilingan. Shuningdek, gazeta ma’lumotlariga ko‘ra, Trampning yaqinda Grenlandiyaga egalik qilish “mutlaq zarurligi” haqidagi bayonotlari ham gerb bo‘yicha qarorga ta’sir etgan bo‘lishi mumkin.
Dekabr oyida Tramp “butun dunyoda milliy xavfsizlik va erkinlikni ta’minlash uchun” AQSH Grenlandiyani egallab olishi “mutlaqo zarurligini” aytgandi. Daniyaga tegishli Mute Egede oroli bosh vaziri bunga javoban Grenlandiya “sotilmasligini va hech qachon savdolashilmasligini” ta’kidlagan. Shu bilan birga, Egede orolning Daniyadan mustaqil bo‘lishiga erishish istagi haqida gapirgan.
Grenlandiya maydoni 2,166 million kvadrat kilometr bo‘lgan dunyodagi eng katta orol bo‘lib, uning deyarli 80 foizi muz bilan qoplangan. U Shimoliy Amerikaning shimoli-sharqida joylashgan. Orolda 50 mingdan sal ko‘proq aholi yashaydi, ularning aksariyati inuitlar (eskimoslar).
Bu mustaqil davlat emas, balki Daniya tarkibidagi avtonom hududdir. Aholi punktlari asosan janubi-g‘arbiy qirg‘oq bo‘ylab to‘plangan. Grenlandiya poytaxti Nuuk.
Alpha version: 0.9.1.19 build 10814 | Инструменты