Turkiyaning amaldagi prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an mamlakatdagi prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozondi. Bu haqda yakshanba oqshomida Turkiya Oliy saylov kengashi raisi Ahmet Yener ma’lum qildi.
Turkiyada prezidentlik saylovlarining ikkinchi bosqichida byulletenlarning 99% dan ortig‘ini dastlabki sanab chiqish natijalariga ko‘ra, Erdog‘an 52,15% ovoz to‘pladi va yangi 5 yillik muddatga qayta saylandi. Yagona muxolifat nomzodi Kemal Qilichdaro‘g‘li 47,86% ovoz oldi.
Turkiya yetakchisi ushbu g‘alabasini Istanbulning Uskudar tumanida to‘plangan aholi bilan uchrashuvda ham ma’lum qildi.

“Bugun butun Turkiya g‘alaba qozondi! 28-may kuni bo‘lib o‘tgan ovoz berish mamlakatimiz taraqqiyotida yangi sahifa ochdi. „Turkiyaning 100 yilligi“ konsepsiyasini amalga oshirish boshlandi”, — dedi u.
Turkiya rahbari saylovning ikkinchi bosqichi natijalari “Turkiya yutuqlariga hech kim tajovuz qila olmasligi”ni tasdiqlaganini ta’kidladi hamda Turkiya xalqiga “demokratiya bayrami” uchun minnatdorchilik bildirdi.
Muxolifat nomzodi Kemal Qilichdaro‘g‘li saylovlarni “so‘nggi yillardagi eng adolatsiz saylovlardan biri” deb atadi. U tarafdorlari oldida qilgan chiqishida ovozlarni hisoblashni adolatsiz deb atadi va “avtoritar hukumat”ni almashtirish uchun kurashni davom ettirishini aytdi.
“Men har doim siz uchun kurashganman va kurashishda davom etaman. Biz demokratiya uchun kurashni davom ettiramiz va sizdan bu kurashda ishtirok etishingizni so‘rayman. Bir kishi bizni qanday qilib demokratik qadriyatlardan mahrum qilayotganini ko‘rib turibmiz”, — dedi u.
Eslatib o'tamiz, kuni kecha Erdog'anni ushbu sharafli g'alabasi bilan Shavkat Mirziyoyev qutlagan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 102103 | Инструменты