Eronda fuqaro aviatsiyasi parvozlariga kiritilgan cheklovlar bekor qilindi, deb xabar bermoqda “Interfaks”.
“Fuqarolik aviatsiyasi tashkiloti qulay va xavfsiz parvoz sharoitlarini taʼminlaganidan so‘ng barcha eʼlon qilingan cheklovlar bekor qilindi va aviakompaniyalarga parvozlarni amalga oshirishga ruxsat berildi”, deyiladi xabarda.
Avvalroq “Mehr” agentligi Eron fuqaro aviatsiyasi tashkiloti vakiliga tayanib, Eronning barcha aeroportlari 6-oktyabr, yakshanba kuni soat 21:00 dan (mahalliy vaqt bilan) dushanba kuni ertalab soat 6:00 gacha parvozlarni bekor qilgani haqida xabar bergandi.
Yakshanba kuni Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi (IRQK) Harbiy-dengiz kuchlari qo‘mondoni kontr-admiral Alirizo Tangsiri Eron qo‘mondonligi Tehron Isroil bilan to‘qnash kelgan taqdirda bir qancha chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqqanini aytgandi.
O‘z navbatida, Eron qurolli kuchlaridagi manba Tasnim agentligiga Eron harbiylari Isroilning ehtimoliy harakatlariga to‘liq tayyor ekanini ma’lum qilgan.
1-oktyabr kuni Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi “Haqiqiy va’da 2” operatsiyasi doirasida Isroilga ko‘p sonli ballistik raketalar uchirdi. Isroil harbiylari mazkur hujumga “vaqti kelganda” javob berishni ma’lum qilgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 122121 | Инструменты