Falastin ma’muriyati o‘z hududlarida Qatarning "Al Jazeera" telekanali faoliyatini to‘xtatishga qaror qildi. Bu haqda WAFA agentligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, qaror Falastin Ichki ishlar vazirligi, Madaniyat vazirligi va Aloqa vazirligi rasmiylaridan iborat qo‘mita tomonidan qabul qilingan. Rasmiylar kanal “provokatsion xarakterdagi xabarlarni qayta-qayta efirga uzatgan” degan xulosaga kelgan. Ular kanalni yolg‘on ma’lumot tarqatish va Falastinning ichki ishlariga aralashishda ayblagan. Telekanalning Ramallohdagi ofisi yopilgan.
WAFA agentligining yozishicha, ushbu taqiq telekanal Falastin qoidalariga muvofiq o‘zining huquqiy maqomini hal qilmaguncha amal qiladi.
Ma’lumot uchun, o‘tgan yili may oyida "Al Jazeera" telekanali Isroilda ham yopilgandi. BMTning Inson huquqlari bo‘yicha boshqarmasi Isroil rasmiylarining telekanalni mamlakatda efirga uzatilishini taqiqlash haqidagi qarorini tanqid qilgandi. Xususan, BMT Bosh kotibi vakili Stefan Dyujarrik tashkilot OAV erkinligini cheklovchi har qanday qarorga qarshi ekanini aytgandi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 10504 | Инструменты