Huawei 1
Fransiya 12 yildan so‘ng Suriya bilan diplomatik aloqalarni tiklaydi

Fransiya Tashqi ishlar vazirligi 2012-yilda diplomatik munosabatlar uzilganidan keyin ilk marta Suriyaga to‘rtta diplomat yuborishga qaror qildi. 17-dekabr kuni ertalab diplomatik missiya Suriyaning yangi hukumati bilan “dastlabki aloqalarni o‘rnatish” uchun Fransiya elchixonasi joylashgan Damashqqa yetib keldi.

Elchixonaga kelgan diplomatlar haqida AFP muxbiri xabar berdi. Fransiya TIV rahbari Jan-Noel Barro diplomatik aloqalardan maqsad Fransiyaning Suriyadagi “ta’sirini qaytarish” va “aholining gumanitar ehtiyojlarini baholash” ekanligini aytdi. Hozirda Buyuk Britaniya va Germaniya ham yangi hukumatlar bilan munosabatlarni normallashtirishni muhokama qilmoqda.

Fransiya Suriya bilan diplomatik munosabatlarni 2012-yilda — mamlakatda fuqarolar urushi boshlanganidan bir yil o‘tib uzgan, shuningdek, xavfsizlik nuqtai nazaridan Damashq elchixonasini yopgan edi. Shu bilan birga, Suriyada yuzlab fransuz fuqarolari bo‘lgan va hozir ham qolmoqda. Ular bilan bog‘liq masalalar Ruminiya elchixonasi va Fransiyaning Bayrutdagi diplomatik vakolatxonasi orqali hal qilingan.

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Suriya prezidenti Bashar Asad iste’fosini “varvarlar davlatining qulashi” deya izohlagandi. Fransiya TIV, agar Suriya jamiyatining barcha vakillari manfaatlari hisobga olinsa, “siyosiy o‘tish”da Suriya muxolifatiga yordam berishga tayyorligini bildirdi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 121817 | Инструменты