Yevropa rasmiylariga ko‘ra, Bryusselning Tbilisi bilan muzokaralarni boshlash haqidagi qarori noma’lum muddatga qoldirilishi mumkin
Yevropa Ittifoqi, agar Gruziyada chet el agentlari toʻgʻrisidagi qonun qabul qilinsa, bu davlatning ittifoqqa qoʻshilish arizasini muzlatib qoʻyishi mumkin. Bu haqda Financial Times gazetasi Yevropa rasmiylariga tayanib xabar bermoqda.
Ularga ko‘ra, Gruziyadagi xorijiy agentlar to‘g‘risidagi qonun kuchga kirsa, Bryusselning Tbilisi bilan YeIga qo‘shilish bo‘yicha muzokaralarni boshlash haqidagi qarori katta ehtimol bilan noma’lum muddatga qoldiriladi.
Avvalroq, Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel va Yevropa komissiyasi qo‘shma bayonotida Gruziyani xorijiy agentlar haqidagi qonundan voz kechishga chaqirib, bu uning ittifoqqa qo‘shilish ambitsiyalariga salbiy ta’sir ko‘rsatishini ta’kidlagan edi.
Gruziya parlamenti 14-may kuni bo‘lib o‘tgan yalpi majlisda “Chet el agentlari to‘g‘risida”gi qonunni uchinchi o‘qishda qabul qildi. Qonun loyihasini ko'rib chiqish aprel oyida boshlangan. O‘shandan beri Gruziyada keng ko‘lamli namoyishlar bo‘lib o‘tmoqda. Bir necha marta ular xavfsizlik kuchlari bilan to'qnashuvga aylangan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 120413 | Инструменты