Huawei 1
G‘azo aholisi urush boshlanganidan buyon 6 foizga qisqardi – Falastin statistika byurosi

G‘azo aholisi taxminan 160 ming kishi (6 foiz)ga kamaydi, jumladan, janglar boshlanganidan beri 55 mingga yaqini halok bo‘ldi va 100 mingdan ortig‘i anklavni tashlab qochdi. Bu haqda Falastin markaziy statistika byurosi ma’lumotlarida keltiriladi.

Anklavdagi janglar natijasida 45 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘ldi, deb hisoblaydi HAMAS nazoratidagi G‘azo Sog‘liqni saqlash vazirligi. Falastin statistika boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, yana 11 ming kishi bedarak yo‘qolgan. 2023-yil 7-oktyabrdan beri 100 mingga yaqin falastinlik G‘azoni tark etgan.

Shunday qilib, G‘azo aholisi 160 mingdan ortiq kishiga kamayib, 2,1 million kishiga yetgan. Isroil Tashqi ishlar vazirligi bu raqam noto‘g‘ri ekanini ta’kidlasa-da, bu BMTning Gumanitar masalalarni muvofiqlashtirish boshqarmasining 2024-yil iyul holatiga ko‘ra G‘azo sektorida 2,1 millionga yaqin odam qolgani haqidagi hisob-kitoblariga mos keladi.

«Inson va moddiy yo‘qotishlar halokatli. Ammo Isroilning butun G‘azo sektoriga nisbatan tajovuzkor va shafqatsiz tajovuzlari davom etmoqda», – deydi Falastin markaziy statistika byurosi.

Amnesty International va Human Rights Watch kabi tashkilotlar hamda Xalqaro sud va boshqa Inson huquqlari tashkilotlari allaqachon Isroilni G‘azoda falastinliklarga qarshi genotsidda ayblagan.

Human Rights Watch, jumladan, o‘z hisobotida Isroil hukumati G‘azoga suv va elektr ta’minotini ataylab to‘xtatib qo‘ygani, infratuzilmani vayron qilgani va muhim oziq-ovqatlarning bir yildan ortiq vaqt davomida taqsimlanishiga to‘sqinlik qilgani natijasida ko‘p sonli chaqaloqlar, bolalar va kattalar to‘yib ovqatlanmaslik, suvsizlanish va kasalliklardan vafot etganini aytgan.

«Hukumat siyosatiga ko‘ra, bu harakatlar tinch aholiga qarshi qaratilgan keng ko‘lamli va tizimli hujumdir. Isroil hukumati shu tariqa insoniyatga qarshi qirg‘in jinoyatini sodir etmoqda», – deb yozadi xalqaro tashkilot.

Ma’lumot uchun, avvalroq Xalqaro jinoiy sud Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyahu va sobiq mudofaa vaziri Yoav Galantni urush jinoyatlarida ayblab, hibsga olishga order bergani xabar qilingan edi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 10504 | Инструменты