Amerika Qo‘shma Shtatlari Isroilga 7 milliard dollarlik qurol-yarog‘, jumladan, samolyot uchun bombalar, boshqariladigan raketalar va boshqa tegishli jihozlar yetkazib beradi.
Bu haqda Pentagon AQSh prezidenti Donald Tramp va Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu uchrashuvi yakunlariga tayanib ma’lum qildi.
“Qo‘shma Shtatlar Isroil xavfsizligini ta‘minlash tarafdori. Bu AQSh milliy manfaatlari uchun asosiy jihat hisoblanadi. Taklif etilayotgan bitimlar Isroilga o‘zining mudofaa qobiliyatini mustahkamlash hamda hozirgi va kelajakdagi tahdidlarga qarshi turishga tayyorligini oshirish imkonini beradi”, dedi Pentagon.
Isroil mudofaa kuchlari uchun 3 mingta AGM-114 Hellfire havo-yer boshqariladigan raketalari, shuningdek, 2 mingdan ortiq GBU-39/B kichik diametrli bombalar, 2,8 ming MK 82 kuchli portlovchi bomba va 13 ming JDAM to‘plamlari taqdim etiladi.
Avvalroq AQSh Netanyaxu tufayli Xalqaro jinoiy sudga sanksiyalar kiritgani xabar qilingandi.
Trampning 6-fevral kuni imzolagan farmoni AQSH tomonidan moliyaviy va viza cheklovlarini nazarda tutadi. U AQSh fuqarolari va ittifoqchilariga qarshi sud tergovlarini qo‘llab-quvvatlovchi XJSning mansabdor shaxslari va ularning oila a’zolariga qo‘llaniladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 20815 | Инструменты