Huawei 1
Isroil armiyasining sobiq vakili Netanyaxuni mamlakatga nisbatan xalqaro ishonchni yo‘qotishda aybladi

Isroil mudofaa kuchlarining sobiq matbuot kotibi Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxuni mamlakatga nisbatan xalqaro ishonchni yo‘qotishda aybladi. Bu haqda kotibning bayonotiga asoslanib, CNN nashri xabar berdi.

Podpolkovnik Piter Lerner Isroil davlatiga va uning tashqi siyosatiga nisbatan xalqaro ishonch yo‘qolganini, ayni paytda ko‘plab mamlakatlarning Tel-Aviv bilan aloqalari sovuqlashganini maʼlum qilgan. Bu salbiy holatlarning bosh sababchisi sifatida esa amaldagi bosh vazir Netanyaxuni ayblagan.

Sobiq Isroil harbiysi HAMAS bilan urush Isroil uchun muvaffaqiyatsiz va maʼnosiz ekanini bildirgan. Urush davom etar ekan yahudiylar davlati chegarasi zaiflasha borishi aytilgan.

Mudofaa kuchlari sobiq harbiysi tomonidan davlat rahbari ochiqcha tanqid qilinishi Isroil uchun jiddiy signal bo‘lishi mumkin. Chunki bu holat Isroilda harbiylar va rahbariyat o‘rtasidagi ziddiyatni ko‘rsatib beradi.

Sobiq harbiyning bayonoti birinchilardan bo‘lib Isroilning Haaretz gazetasida chiqarilgan. Bunga nisbatan mamlakat fuqarolarining ko‘pchiligi munosabat bildirib, Netanyaxu davrida Isroilning xalqaro mavqeyi tobora yo‘qolib borayotganini taʼkidlagan.

“Netanyaxu HAMAS ustidan to‘liq g‘alaba qozonishini vaʼda qilgan edi. Ammo xalqaro maydonda u va uning hukumati bizni mag‘lubiyatga olib bormoqda”, degan Piter Lerner.

Lerner G‘azodagi operatsiya taqdiri haqida ham fikr bildirgan. Bu borada Isroil oldida ikki yo‘l bor — yo operatsiyani tez muddatda yakunlab, chiqib ketish yoki rejasiz harakatlarni davom ettirib, Yaqin Sharqda yangi dushmanlarga ega bo‘lish. Har ikki yo‘lda ham Isroilni g‘alaba kutmasligi xabar qilingan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 100512 | Инструменты