Isroil Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanuvchi "Hizbulloh"ga hujumlarini davom ettirmoqda. Shanba kungi zarbalar nishoni guruhning tashqi xavfsizlik xizmati rahbari bo‘lgani aytilmoqda.
Livan Yangiliklar milliy agentligi ma’lumotiga ko‘ra, Bayrutdagi markaziy Basta rayoni bo‘ylab kamida beshta raketa uchirilgan.
Foydalanilgan qurollar bunkerlarni ham yo‘q qilishga mo‘ljallangan bo‘lib, zarba joyida chuqur o‘ra hosil bo‘lgan, deb xabar qiladi agentlik.
"Zarba shu qadar kuchli ediki, bino boshimiz ustiga qulaydigandek tuyulardi", — degan AFP agentligi bilan suhbatda vayron bo‘lgan bino yaqinida yashovchi 60 yoshli Samir.
Zarba mahalliy vaqt bilan ertalabki soat to‘rt atrofida berilgan.
Samirning so‘zlariga ko‘ra, u rafiqasi va ikki farzandi bilan uydan chopib chiqqan: "Biz yerda yotgan ikki jasadni ko‘rdik... Bolalar yig‘lay boshladi, ularning onasi esa yanada qattiqroq yig‘lardi".
Isroillik harbiylar hujum haqida oldindan ogohlantirmagan va mahalliy aholini xavfsiz joylarga yashirinishga chaqirmagan. Bungacha ham Isroil "Hizbulloh" guruhiga aloqador hududlarga ogohlantirishlarsiz hujum qilganida guruhning yuqori martabali a’zolarini nishonga olgan bo‘lardi.
Bu safar ham shunday mulozimlardan kimdir halok bo‘lgani hozircha noma’lum. Isroil rasmiy shaxslari hozircha hodisa yuzasidan izoh bermadi.
Qutqaruv xizmatlari zarba joyida tozalash ishlarini davom ettirmoqda, shu tufayli qurbonlar soni ortishi mumkinligi istisno etilmaydi. Livan sog‘liqni saqlash vazirligi qurbonlar shaxsiga aniqlik kiritish uchun DNK testlaridan foydalanilishini ma’lum qilgan.
Tungi zarba Isroil hafta davomida Bayrut markaziga yo‘llagan to‘rtinchi zarba bo‘ldi. Oxirgi raketa zarbasi ortidan Isroil kuchlari Bayrutning "Hizbulloh" tayanchi hisoblanadigan janubiy chekkalariga ham zarba berishni davom ettirgan. Bu holatda Isroil mudofaa armiyasi Bayrutning janubiy hududlari aholisiga evakuatsiya haqida ogohlantirish yuborgan.
Isroil v "Hizbulloh" o‘rtasidagi harbiy harakatlar guruh 2023-yil 8-oktyabrda, Hamas Isroil janubiga hujum qilishidan bir kun o‘tib Isroilning shimoliy hududlariga raketa uchirishi bilan boshlangandi.
Ushbu qarama-qarshilik 2024-yil 30-sentyabrda, Isroil "Hizbulloh"ning qurollari va infratuzilmasini yo‘q qilish maqsadida Livan janubiga bostirib kirishi bilan (isroillik harbiylar bu "cheklangan, lokal va aniq maqsadli reydlar" bo‘lishini bildirgan) yangi bosqichga chiqdi.
So‘nggi oylarda Isroil shialar guruhining ko‘plab ko‘zga ko‘ringan qo‘mondonlari, jumladan, uning rahbari Hasan Nasrullohni o‘ldirdi.
Livan sog‘liqni saqlash vazirligiga ko‘ra, 2023-yil oktyabridan buyon Isroil va "Hizbulloh" o‘rtasidagi harbiy harakatlar tufayli kamida 3645 nafar livanlik halok bo‘lgan, bu o‘lim holatlarining aksari 2024-yil sentyabriga to‘g‘ri keladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 112422 | Инструменты