Isroil garovga olinganlar bo‘yicha kelishuvning ikkinchi bosqichiga o‘tishdan bosh tortdi. Bu haqda Livanning “Al Mayadeen” telekanali Falastin qarshilik harakatining ismi oshkor etilmagan yuqori martabali vakiliga tayanib xabar berdi.
Qayd etilishicha, joriy yilning 27 fevral kuni Misr poytaxti Qohirada Amerika tomoni vakillari, Qatar va Isroilning ikki delegatsiyasi ishtirokida G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralarni yakunlash bo‘yicha muzokara bo‘lib o‘tgan.
Falastin tomoni muzokaralar muvaffaqiyatsizlikka uchragani va vositachilar Isroilni ikkinchi bosqichga o‘tishga ko‘ndira olmaganini ma’lum qilgan. Isroil to‘liq kelishuv paketi doirasidan tashqari hech qanday mahbusni topshirmasligini ta’kidlagan.
Nashrga ko‘ra, Isroil muzokaralar boshlanishini kechiktirib, kelishuv shartlarini buzgan va birinchi bosqichni cho‘zishga harakat qilmoqda.
“Biz Isroilning “shantaj” usulini rad etamiz va faqat to‘liq kelishuv doirasida garovga olinganlarni topshiramiz”, deydi falastinlik vakil.
Manbalarga ko‘ra, bungacha HAMAS rasmiy ravishda G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvni davom ettirishga tayyorligini e’lon qilgan va xalqaro hamjamiyat Isroilga bosim o‘tkazib, uni kelishuvning ikkinchi bosqichiga o‘tishga ko‘ndirishga chaqirgan edi.
Kecha, 28 fevral kuni Isroilning N12 telekanali hukumat rasmiysiga tayanib, agar HAMAS 2 mart kuni yana bir nechta garovga olingan shaxsni ozod qilsa, Isroil o‘t ochish rejimini uzaytirishga tayyorligini xabar qilgan. Telekanal, shuningdek, Isroil Tashqi ishlar vaziri Gideon Saarning “agar ko‘proq garovga olinganlar qaytarilsa, o‘t ochishni to‘xtatish muddatini uzaytirishga tayyormiz” degan so‘zlarini keltirgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 30120 | Инструменты